JIDU va yetakchi Italiya Menejment maktabi oʻrtasida muzokaralar olib borildi
13.03.2021 1712
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Italiyaning “SDA Bocconi” Menejment maktabi bilan hamkorlikda onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi amaliy koʻmagi bilan tashkil etilgan videomuloqotda “Bocconi” Menejment maktabi xalqaro taraqqiyot boʻyicha direktori Leonardo Etro, Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov, Xalqaro aloqalar boʻyicha JIDU prorektori, professor Saidmuxtor Saidqosimov, universitetdan vakillar hamda italiyalik professor-oʻqituvchilar qatnashdi. Ishtirokchilar ikki taʼlim muassasasi oʻrtasida xalqaro savdo, turizm va menejment, moliya va biznes yoʻnalishlarida hamkorlikning istiqbollari boʻyicha muzokaralar olib bordi.
Menejment maktabi 1971-yilda tashkil etilgan boʻlib, Milandagi Bokkoni universiteti boshqaruvidagi taʼlim muassasasi hisoblanadi. Rahbar kadrlar uchun dasturlar, individul va MBA dasturlari hamda yetakchi xalqaro standartlarga mos keluvchi ixtisoslashgan magistrlik kurslarini taqdim qiladi. Doimiy rivojlanishga intilish, innovatsiyalar va ijodiy yondashuvni joriy etish bilan oʻtgan davr ichida Bokkoni nafaqat Italiya balki xorijda ham oʻz nufuzini mustahkamlab olgan. Bugungacha maktab jahonning 54 mamlakatida 275 dan ortiq universitet va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni oʻrnatgan. Misr, Livan, Angola kabi Afrika qitʼasidagi davlatlar, shuningdek Bolgariya, Qatarda ham Bokkoni menejment maktabi faoliyat olib boradi.
Muloqot davomida janob Etro maktab yirik, oʻrta va kichik biznes, davlat boshqaruvi, sogʻliqni saqlash, bank va moliya institutlari, tadbirkorlar shuningdek menejment sohasida oʻz bilim, malakasini yaxshilamoqchi boʻlgan barchaga turli xildagi sifatli kurslarni taqdim etishini taʼkidladi. SDA “Bocconi” mahalliy va xorijiy davlat-nodavlat mijozlar uchun toʻliq, tizimli yondashuv, kasbiy va shaxsiy oʻsishga koʻmak beradigan strategik maqsadlardan iborat alohida dasturlarni ishlab chiqib amaliyotga tadbiq etadi. Har bir dastur hamkorlik davomida oʻzaro muloqot, faol fikr bildirish va baholash bilan bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi.
Shuningdek italiyalik mutaxassislar Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda keng qamroqli islohotlar olib borilayotganini katta qiziqish bilan kuzatishlarini bildirdirlar. Davlat rahbari tomonidan belgilanayotgan maqsad va vazifalarning amalga oshishida boshqaruv apparatidagi samarali ishlash jarayoni va alohida tashkilotlarning menejerlariga ham bogʻliq. Shundan kelib chiqqan holda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Italiyaning “SDA Bocconi” Menejment maktabi oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirildi. Yakuniy natijaga koʻra, xorijlik mutaxassislar 3 hafta ichida JIDUga hamkorlikning aniq yoʻnalishlari va shartlari aks etgan loyihani yuborishga kelishdilar.