10.03.2021 1773

Jahon savdo tashkiloti (JST) — mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi. Hozirda unga aʼzo davlatlar soni 164 taga yetdi. Oʻzbekiston ham 1995-yilda tashkilot aʼzoligi uchun ariza topshirgan, biroq qariyb 15 yil oʻtgachgina endi bu boʻyicha oʻzgarishlar kuzatilmoqda. JIDUda Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishining tashkiliy-huquqiy masalalari: holati muammolari va istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilindi. Vebinar shaklida boʻlib oʻtgan tadbirda yurtimizdagi tashkilot-muassasalaridan vakillar, yetakchi iqtisodchilar va professorlar bilan birgalikda Jenevadan JST kotibiyat departamentining direktori Maika Oshikava xonim ham qatnashdi.

Vebinar uchun JSTning Bosh direktori Alan Vulf konferensiya uchun yoʻllagan oʻz videomurojaatida, “Tashkilotga aʼzolik Oʻzbekistonnig tijoriy integratsiyalashuvi va mahalliy isteʼmolchi hamda tadbirkorlar faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu bilan tovar va xizmatlar bozorining imkoniyatlari kengayadi, shaffoflik vujudga keladi, proteksionizm va monopollashuvdan himoya imkoniyati paydo boʻladi, yangi aʼzolar ham qolganlar bilan teng maqomda global savdo jarayonlari uchun ovoz berish” imkoniga ega boʻlishini qayd etib oʻtdi.

Tadbir davomida yurtimiz va xorijlik mutaxassislar Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishi boʻyicha oʻzlarining tahliliy fikr-mulohazalarini aʼzo davlatlar misolida asoslab berdilar. JST (World Trade Organization) ning asosiy maqsadlaridan biri oʻzini-oʻzi himoya qilishni kuchaytirish va proteksionizm qoʻllanishini bekor qilishdan iborat. Mazkur tashkilot xalqaro tijorat uchun qulay huquqiy tizimni taqdim eta oladigan cheksiz imkoniyat eshigi. Oʻzaro qabul qilingan muhim hujjatlar davlatlarning oʻz savdo siyosatlarini kelishilgan mezonlarda olib borishlarida masʼuliyat yuklaydi. Bundan koʻzlangan maqsad — jahon bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda tovarlar va xizmatlarni ishlab chiquvchilar, eksportyor va importyorlarga koʻmak berishdan iborat.