BMTTD doimiy vakili Matilda Dimovska bilan uchrashuv tashkil qilindi
05.03.2021 1723
4-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va talabalarlar ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirni JIDU rektori Komiljon Karimov kirish soʻzi bilan ochib berdi va hurmatli mehmon Matilda Dimovskani talabalarga tanishtirdi.
Shundan soʻng talabalar BMT Taraqqiyot dasturi boʻyicha mustaqil olgan bilimlari asosida taqdimotlar qildilar. BMTTD Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini 1993-yilda ochgan va shu paytgacha mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etib kelmoqda. Dastur mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar va oʻzbek xalqining farovon turmushini taʼminlashga qaratilgan maqsadlarni koʻzlagan. Oʻzbekistondagi faoliyatini esa ikki – samarali boshqaruv va barqaror rivojlanish yoʻnalishlarida olib boradi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining Barqaror rivojlanish yohud “Global maqsadlari” kambagʻallikni qisqartirish, sayyoramizni asrash va dunyodagi barcha kishilarga tinchlik hamda farovon turmushni taʼminlashga chorlaydi. Maqsadlar kambagʻallik va ochlikni qisqartirish, mustahkam sogʻlik va farovonlik, sifatli taʼlim, gender tengligi, toza suv va sanitariya, arzon va toza energiya manbalari, munosib mehnat va iqtisodiy oʻsish, tinchlik va odil sud, samarali institutlar, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish kabi bir-biridan muhim 17 ta yoʻnalishlardan iborat.
JIDU talabalarining taqdimotidan soʻng, Matilda xonim universitet jamoasiga navbatdagi qiziqarli uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirdi va talabalarning taqdimotga tayyorgarliklarini yuqori baholadi. Taraqqiyot dasturi faoliyatiga doir maʼlumotlarni yanada toʻldirdi hamda loyihada Oʻzbekistonning ishtiroki hamda oʻzaro hamkorligini eʼtirof etdi.
Ochiq va doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida ishtirokchilar xalqaro tashkilot vakiliga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.