05.03.2021 1468

2021-yil 3-mart kuni biznes tuzilmalar vakillari va ish beruvchilar bilan hamkorlik doirasida XIM fakulteti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi tomonidan KPMG xodimlari - HR menejeri Evgeniya Massino va Aziz Amanov bilan uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuvda XIM fakulteti dekani M.Hamdamov, “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi mudiri L.Toshpulatova va kafedra dotsenti R. Jo`raeva ishtirok etishdi. Suhbat davomida E. Massino KPMG kompaniyasi haqida ma’lumotlar berdi.

KPMG kompaniyasi Deloitte, Ernst & Young va PwC kabi mashhur Big Four auditorlik kompaniyalari qatoriga kirib, shuningdek, auditorlik, soliq va yuridik maslahatlar, konsalting, investitsiya va kapital bozorlari sohasidagi professional xizmatlarni taqdim etuvchi dunyodagi eng yirik tarmoqlardan biri hisoblanadi. KPMG har yili Fortune tomonidan nashr etiladigan AQShning 100 ta eng yaxshi ish beruvchilaridan biridir.

2017-yil mart oyida KPMG kompaniyasi O'zbekistondagi vakolatxonasini qayta ochib, yildan-yilga o’z shtatini kengaytirib bormoqda. Xususan, joriy yil oxirigacha 50 ga yaqin yangi ishchilarni jalb qilishi rejalashtirmoqda. Shu sababli, kompaniya o'zini mehnat bozorida yaxshi ko'rsatishga muvaffaq bo'lgan JIDU bitiruvchilariga qiziqish bildirmoqda. Bu maqsadda, 2021-yil 12-martda kompaniya o'z faoliyati asosiy yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot berish maqsadida universitet XIM, XM va XH fakultetlarining 4-bosqich talabalari uchun vebinar o'tkazishni rejalashtirgan.

Shuni ta'kidlash kerakki, KPMG o'z xodimlarining rivojlanishiga katta e'tibor beradi. Jumladan, kompaniya ishchilari ikki - uch yil davomida АССА (Association of Chartered Certified Accountants) malakasini olish imkoniyatiga ega bo’lib, ushbu maqsadda ular zarur manbalar: ko'plab kitoblar, mustaqil o'rganish kurslari bilan ta'minlanadi. Natijada, xodimlar xalqaro sertifikatlar olishadi va butun dunyoda yuqori talabga ega bo’ladi.

Uchrashuv davomida KPMG kompaniyaning bizning universitetimiz bilan keyingi hamkorlik shakllari, jumladan, universitetda KPMG kunini tashkil qilish, kompaniya xodimlarining tegishli fanlar doirasida ma'ruza va seminarlarni o'tkazishda ishtirok etishi muhokama qilindi.