04.03.2021 1913

Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jabhalarida rahbar ayollar oʻrni va mavqeini mustahkamlash maqsadida 8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida “Ayollar rahbar lavozimlarda: COVID – 19 pandemiyasi sharoitida teng huquqli kelajakka erishish” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashabbusi bilan Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi va Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan boshqa xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil qilingan tadbirda shuningdek, parlament yuqori palatasi, vazirlik, idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirda onlayn ravishda JIDU XQMK raisi, siyosiy fanlar nomzodi, professor Eʼtibor Sultonova, “Xalqaro munosabatlar” fakulteti dekkani Sayyora Tillaxodjayeva hamda universitetning boshqa faol oʻqituvchi ayollari ham  katnashishdi.

Tadqiqotlarga koʻra, koronavirus pandemiyasi oqibatida juda koʻp ayollar oylik maoshlarining toʻxtatilishi sabab oilaviy qiyinchiliklarga duch kelishgan. Bundan tashqari bolalar bogʻchasi va maktablarning yopilishi, daromadlarning doimiy emasligi hamda oila aʼzolarning kasallanishi ham ayollar zimmasiga ogʻir yukni yuklagan.

Shu munosabat bilan davlat tomonidan qabul qilinayotgan iqtisodiy dastur va COVID-19 davrida iqtisodiyotni tiklash siyosati gender masalalarini koʻrib chiqishni ham koʻzda tutishi lozim. Shuningdek, rahbar ayollarning mahalliy, hududiy va mamlakat miqyosida qaror qabul qilish jarayonlariga keng jalb qilishni taʼminlash, koronavirusning salbiy oqibatlarini bartaraf etish va kelgusida COVID-19 infeksiyasi tarqalishinin oldini olish masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir doirasida “Gender tengligi faoli” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.