03.03.2021 1939

Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchixonasining amaliy koʻmagi bilan “Janubiy Kavkaz” siyosatchilar klubi rahbari Ilgar Velizadening “Kaspiy geosiyosati” mavzusida onlayn-maʼruzasi tashkil etildi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari, oʻqituvchi-professorlar tarkibi uchun tashkil etilgan uchrashuvni Oʻzbekistonning Ozarbayjondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz nutqida Oʻzbekistonnig Ozarbayjon bilan har tomonlama, ayniqsa ijtimoiy sohada hamkorligini rivojlantirishga qiziqish yuqori ekangini taʼkidlab oʻtdi.

Ozarbayjonlik siyosatchi va publitsist Ilgar Velizadening Kaspiy hududining geosiyosati boʻyicha qariyb ikki soat davom etgan maʼruzasi muallifning “Kaspiy geosiyosati” nomli monografiyasi maʼlumotlariga asoslandi. Monografiyada politolog qaysi hududni “Kaspiy regioni” deb atash, hudud chegaralari, kaspiy mamlakatlari va qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar boʻyicha oʻz xulosalarini taqdim etgan.

Shuningdek, monografiyada siyosiy munosabatlar, xavfsizlik va harbiy qurilish masalalari ham koʻrib chiqilgan. Maʼruzaning oʻziga xosligi shundaki, muallif uchun birinchi va ikkinchi darajali masalalar mavjud emas. Kaspiy hududiga taalluqli maʼruzadagi har bir mavzu birdek muhim. Ana shunday masalalardan biri, shubhasiz Kaspiy dengizi ekologiyasidir.

Tadbirning asosiy qismini JIDU rektori Komiljon Hamidov yakunlab, qiziqarli va batafsil yoritilgan maʼruza uchun I. Velizadega oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Uning fikricha, bunday uchrashuvlar ikki qardosh xalqlar uchun ilmiy aloqa va turli yoʻnalishlardagi tadqiqotlarni rivojlantirishga yoʻl ochishini taʼkidladi. Ilgar Velizade ham oʻz navbatida OTM maʼmuriyati va yigʻilgan yoshlarga minnatdorligini izhor qildi.

Maʼruza yakuni boʻyicha bu kabi aloqalarni davom ettirish, pandemiya tugagach “jonli” uchrashuvlarni ham oʻtkazishga kelishib olindi.