27.02.2021 3052

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Oʻzbekistonda ekoturizmni rivojlantirish sohasida xorijiy tajribani joriy etish imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish instituti tadqiqotchilari, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti professor-oʻqituvchilari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitalaridan vakillar, OAV xodimlari, blogerlar, JIDU professor hamda talabalari ishtirok etishdi.

Mamlakatimiz ekologik turizmni rivojlantirish, barcha toifadagi sayyohlar uchun jozibador ekoturistik yo‘nalishlar tarmogʻini barpo etish sohasida keng imkoniyatlarga ega va keyinchalik respublikaning ushbu xizmatlar jahon bozoriga integratsiyallashuv istiqboli mavjud. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston mashhur ekoturizm yoʻnalishlari boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Tabiiy resurlardan oqilona foydalanish va mamlakatdagi ekologik muhitni muhofaza qilish boʻyicha javobgarlikni sezgan holda, Oʻzbekistonda ekologik turizmni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda.

Davra suhbati davomida har bir yo‘nalish ishtirokchilarining ekoturizmni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekoturizm orqali mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi. Mutasaddi tashkilotlar bu borada o‘zaro memorandum imzolash va hamkorlikda ishlash, JIDU talabalarini ham bunga jalb etish bo‘yicha kelishib oldilar.

Mazkur tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad tabiat bagʻrida aholi dam olishini tashkil qilish, ekologik turizmni rivojlantirishning xuquqiy asoslari bilan bogʻliq umumiy va xususiy masalalarni muhokama qilish, xorijiy tajriba va YII mamlakatlari amaliyotini hisobga olgan holda respublikada ekologik turizmni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish, istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash hamda ekoturizm va tabiatni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishdan iborat. Mazkur tadbir Toshkentdagi Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari boʻyicha ilgʻor tajriba markazi qoʻshma grant loyihasi doirasida boʻlib oʻtdi.