10.02.2021 6753

“O‘zbek xalqi o‘z tarixi bilan har qancha g‘ururlansa, faxrlansa arziydi, zero uning shonli o‘tmishi ulkan allomalar, olim-u fuzalolar, buyuk sarkarda hamda adabiyot va san’at ahlining o‘lmas iste’dodlariga boy. Ana shunday ulkan siymolar qatorida hazrat Mir Alisher Navoiy she’riyat osmonida quyoshdek porlab turadi. Mana salkam olti asrkim, u hanuz Abdulla Oripov  iborasi bilan aytganda, “nazmiy saroyni” titratib kelmoqda, shoir badiiy ijodda ko‘tarilgan cho‘qqilar hanuz qayta zabt etilgani yo‘q.  Shu bilan birga Alisher Navoiy nihoyatda serqirra shaxs, nafaqat buyuk mutafakkir shoir, balki iste’dodli musiqachi, rassom, zabardast davlat arbobi hamdir”.

JIDUda 2021-yil 9-fevralda “Mir Alisher Navoiy XXI asr yoshlari nigohida” nomi ostida bo‘lib o‘tgan tadbirni universitet rektori Komiljon Karimov ana shu so‘zlari bilan ochib berdi.

Darhaqiqat, Alisher Navoiyning xalqimizning kelgusi madaniy taraqqiyotidagi xizmatlari ulkandir. U haqli ravishda  o‘zbek adabiy tilining asoschisi sanaladi, zero Zahiriddin Muhammad Bobur mirzo aytganidek, “turkiy tilda hech kim oncha ko‘p va oncha xo‘b” yozmagan. U butun umri davomida bu tilning otashin targ‘ibotchisi hamda himoyachisi bo‘lib keldi, uning nufuzi va mavqeyini yuksaklikka ko‘tardi. Ayni paytda temuriylar saltanatida yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib, davlat asoslarini mustahkamlashga, siyosiy va ma’naviy muvozanatni barqarorlashtirishga, mamlakat ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shdi, hayotini el-yurt manfaati, farovonligiga bag‘ishladi.

Zero, uning shiori

Odamiy ersang demagil odami,

Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

edi.

Alisher Navoiydek ulug‘ ajdodimiz borligi uchun qalbizmizda g‘urur va iftixor  hissi jo‘sh uradi, u madaniy va ma’naviy hayotimizning har bir jabhasidan o‘rin olgan, har bir shaxsi butun inson undan o‘zi uchun zarur bo‘lgan saboq hamda ibratni oladi. Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida PQ-4865-son qarorida e’tirof etilganidek, “Jonajon Vatanimiz  Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yib, yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Markaziy Osiyo xalqaro instituti bilan hamkorlikda Mir Alisher Navoiyning muborak tavallud sanasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir ana shu ezgu va dolzarb maqsadga qaratildi. Tadbirda Respublikaning ko‘zga ko‘ringan ijodkorlari, olimlari hamda jamoatchilik arboblari ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbeksiton yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi taniqli shoir, o‘nlab kitoblar muallifi  publitsist Aziz Said, O‘zbeksiton yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Saodat” jurnalining bosh muharriri, “Do‘stlik” ordeni sohibi  shoira Munavvara Usmanova, tarix fanlari doktori, professor Valijon Ishquvatov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi, t.f.n. Shuhrat Ergashev,  yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri, taniqli shoira Nargiza Asadova o‘z chiqishlarida hazrat Navoiyning o‘lmas ijodiy merosi, badiiy asarlarining jozibasi, sir-u sehri, ularda ilgari surilgan ezgu g‘oyalar hamda qarashlarning bugungi kunda naqadar dolzarbligi xususida qiziqarli fikr-mulohazalar bildirdilar. JIDU prorektori Saidmuxtor Saidqosimov o‘z  nutqida ulug‘ shoirning zabardast davlat arbobi, butun umrini el-yurt osoyishtaligi hamda ravnaqi yo‘liga tikkan fidoyi shaxs sifatidagi jihatlariga  alohida to‘xtalib o‘tdi. Hurmatli mehmonlarning nutqlari tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. 

Navoiy oyligi doirasida O‘zbek va o‘tkazilgan “Alisher Navoiy adabiy merosining o'rni va ahamiyati”,  “Navoiy  siymosi va ijodi XXI asr o‘quvchisi nigohida” , “Navoiy – mohir diplomat” mavzusidagi publitsistik maqolalar hamda “Navoiyni anglash” mavzusida insho tanlovlari g‘oliblari Sarayev Samandar, Muxammadiyeva Aziza, Matnazarova Madina, Rashidov Akobir, Muxtorov Mirsaid, Abdulazizov Hosiljon, Xolliyeva Sojida  diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

JIDU talabalarining ushbu sanaga bag‘ishlab tayyorlagan badiiy chiqishlari tadbirga alohida bayramona kayfiyat va shukuh bag‘ishladi.