Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunga bagʻishlangan “davra suhbati” oʻtkazildi
06.02.2021 2020
2021-yil 5-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganligining ikki yilligi munosabati bilan “davra suhbati” oʻtkazildi.
Tadbir Tashqi ishlar vazirligi tomonidan JIDU bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi xodimlari, ilmiy-akademik doiralar vakillari, Yuristlar malakasini oshirish markazi aʼzolari, shuningdek, JIDU bakalavr va magistr talabalari ishtirok etdilar.
“Davra suhbati” davomida ishtirokchilar Qonun normalarining amalda bajarilishining hozirgi holatini tahlil qildilar, xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash, ularni ekspertlar darajasida ishlab chiqish va Vazirlikda majburiy huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartiblari, shuningdek, pandemiya sharoitida hujjatlarni imzolashda raqamli texnologiyalarning oʻrni boʻyicha fikr almashdilar.
Tadbirda shuningdek xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham maʼlumot berildi.
Oʻtkazilgan “davra suhbati”ning yakunida ishtirokchilar mamlakatimizning shartnomavaiy-huquqiy faoliyatiga doir oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.