30.01.2021 3068

Zaynobiddinova Farangiz Baxtiyor qizi 2012-2016 yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining “Davlat-huquqiy faoliyat” yo‘nalishida tahsil olgan. “Kamolot” stipendiyasi va “Navoiy” nomidagi Davlat stipendiyalarining sovrindori. 2018 yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro (ommaviy) huquq” yo‘nalishi magistratura bosqichini a’lo baholarga tamomlagan. Hozirda JIDU 12.00.03 – «Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq» ixtisosligi bo‘yicha doktorantura bosqichida o‘z ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda.

F.Zaynobiddinovaning ilmiy izlanishlari natijasida yurisprudensiyaning turli sohalari: xususan, konstitutsiyaviy huquq, xalqaro ommaviy huquq, fuqarolik huquqi, investitsiya huquqi, jinoyat protsessual huquqi, tadbirkorlik huquqi va xalqaro xususiy huquqning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan 40 dan ortiq ilmiy maqolalari OAK jurnallari, nufuzli xorijiy jurnallar, konferensiya materiallari hamda yosh olimlar to‘plamlarida chop etilgan. Shuningdek, “Bola huquqlarini ta’minlash – barkamol avlod tarbiyasining muhim omili”, “Xalqaro xususiy huquqda oila munosabatlarining tartibga solinishi” nomli ilmiy-ommabop risolalarning muallifi.

Hozirda o‘zining ilmiy izlanishida bugungi davr uchun dolzarb bo‘lgan investitsiyaviy faoliyatni shartnomaviy-huquqiy tartibga solish, O‘zbekiston Respublikasida investitsiya siyosatni isloh qilish va pandemiya sharoitida investitsiya faoliyatini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlariga oid masalalarni o‘rganib, ijobiy natijalarga erishib kelmoqda.

Shuningdek, madaniy-ma’rifiy, siyosiy tadbirlardagi ishtiroki, jamoatchilikdagi faolligi uchun 30 dan ortiq faxriy yorlik, diplom va tashakkurnomalar bilan mukofotlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonun-hujjatlari hamda sud-huquq islohotlari mazmunini keng aholi o‘rtasida targ‘ib qilgani, chuqur bilim va zakovati hamda tashkilotchanligi uchun Adliya vazirining tashakkurnomasi bilan taqdirlangan. “Huquqshunoslik”, “Milliy g‘oya” fanlaridan o‘tkazilgan Respublika fan olimpiadalarining; “Tafakkur sinovlari”, “Prezident asarlari bilimdoni”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Eng bilimdon iste’molchi”, “Donolik va tashabbuskorlik – siyosiy yetakchilik mezoni” kabi Respublika ko‘rik-tanlovlarining faxrli ishtirokchisi.

F.Zaynobiddinova  PhD dissertatsiya ishining 70 foizidan ortig‘i tayyorligi, mutaxassislik va chet tili bo‘yicha imtihonlarni a’lo baholarga topshirgani, universitetda o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy, ijtimoiy-siyosiy anjumanlarda, madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi doimo faol ishtiroki hamda ilmiy yutuqlari uchun JIDU Ilmiy kengashining 2020 yil 28 oktabrdagi qaroriga ko‘ra, 2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi tanlovida ishtirok etish uchun nomzod sifatida tavsiya etildi.

F.Zaynobiddinova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2008 yil 13 oktabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 226-son qarori bilan tasdiqlangan “Tayanch doktorantlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, chet tillari (CEFR), axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi kabi fanlar bo‘yicha Davlat test markazida maxsus test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdi hamda keyingi bosqichga tavsiya etildi. 2020 yil 30 dekabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida tashkil etilgan maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan suhbatda eng ko‘p ovoz olib, g‘olib sifatida tavsiya etildi.

F.Zaynobiddinovaga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’atining 2021 yil 22 yanvardagi №1/1- sonli qaroriga ko‘ra, “Ijtimoiy gumanitar fanlar, iqtisodiyot va huquq” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi tayinlandi.