JIDU talabalari O’mon Sultonligida O'zbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi, Abduxalimov Anvar Abduraximovich bilan uchrashdilar
07.12.2020 2597
2020-yil 5-dekabr kuni "Xalqaro munosabatlar" fakulteti tomonidan mamlakatimizning O’mon Sultonligida Oliy martabali vakili Anvar Abduxalimov bilan onlayn uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv avvalida mehmon ishtirokchilarni kirib kelayotgan Konstitutsiya kuni bilan tabriklab, bugungi kunda mamlakatimizda ro'y berayotgan yangilanish va bunyodkorlik, yangi bosqichga ko'tarilayotgan keng ko'lamli islohotlar va ularning natijalari Konstitutsiyamizda mustahkamlangan huquqiy kafolatlarning samarasi ekanini ta'kidladi. Shuningdek, u so'nggi 3 yil ichida davlatimiz rahbari ilgari surgan keng ko'lamli islohotlar tufayli O'zbekistonning xalqaro maydondagi obro'si oshganini ta'kidladi.
Tadbirning ikkinchi qismi auditoriyadan savollarga ajratildi. Xususan, bitiruvchimizning talabalik davri, uning diplomatik faoliyati va mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatida ishlash masalalari muhokama qilindi. Ta'kidlash joizki, 2020-yil 5-noyabr kuni “al-Baraka” saroyida O'zbekiston elchisi Anvar Abduhalimov O’mon sultoni Haysam bin Tariq Ol Saidga ishonch yorliqlarini topshirdi. Shundan so'ng davlat rahbari ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish darajasidan mamnunligini bildirdi.
Tadbir davomida O'zbekiston-O’mon hamkorligining turli sohalaridagi hozirgi va kelgusi rejalari to'g'risida ham fikr almashildi. Suhbat davomida onlayn ishtirokchilar va talabalar o'zlarining barcha savollariga javob oldilar. Favqulodda va Muxtor Elchi Anvar Abduxalimov Janobi Oliylariga o'z tajribasi va bilimlari bilan o'rtoqlashgani uchun mazmunli, qiziqarli onlayn uchrashuv uchun minnatdorlik bildiramiz.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O'zbekistonning O’mondagi Elchixonasi bilan turli loyiha va tadbirlarda yanada hamkorlik qilishga umid qiladi.