O’zbekiston Respublikasi prezidentining “Sog’lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni
05.11.2020 3692
“Agar jismoniy mashq qilsangiz, dori-darmonga ehtiyoj qolmaydi”. Ushbu satrlar tibbiyot sohasining tamal toshini qo’ygan buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sinoga tegishli. Bu fikr X asr avval aytilgan bo’lsa-da, zamonaviy tibbiyot ushbu fikrning naqadar to’g’ri ekanligini ilmiy tarzda isbotlab berdi. Sog’lom turmush tarziga amal qilib, muntazam ravishda sport bilan shug’ullanib yuruvchi inson 100 hattoki 120 yoshgacha yashashi mumkinligini fan isbotladi.
Yurtimizda ham sportni ommalashtirish, xalqimizni sportga targ’ib qilish yo’lida katta ishlar olib borilmoqda. Sport maktablari, sport majmualari birin-ketin qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Oxirgi 3 yilda mamlakatimizda sport bilan shug’ullanuvchilar soni 4.8 million nafardan, 5.6 million nafarga, jumladan sport bilan shug’ullanuvchi 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar soni 20.8 % dan, 28.5 % ga oshdi.
Kuni kecha prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan “Sog’lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida” gi farmoni imzolandi. Ushbu farmonda ommaviy sportni rivojlantirish va sog’lom turmush tarzini targ’ib qilishda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “workout” (mahalla va ko’cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilandi. Farmon doirasida O’zbekiston hududida 1 sutka davomida 10 000 qadam va undan ortiq yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O’zbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so’mdan har oyda har bir tuman (shahar) bo’yicha eng ko’p yurgan shaxsga 300 000 so’mdan, jar bir hudud bo’yicha eng ko’p yurgan shaxsga 500 000 so’m, Respublika bo’yicha eng ko’p yurgan shaxsga 1 000 000 so’m qo’shimcha ravishda o’tkaziladi.
Farmonda 2020-yil 15-noyabrga qadar har bir tuman va shaharlarda piyodalar va velosipedlarning harakatlanishi uchun salomatlik yo’lakchalarini tashkil etish loyihalari yaratilib, aholiga taqdim etilishi, 2021-yil 1-mayiga qadar esa ushbu yo’laklar qurib bitkazilishi haqida belgilab qo’yildi. Ushbu loyihalarni amalda tatbiq etish maqsadida 2021-yil uchun investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qo’yilmalari hisobidan 1.4 trillion so’m mablag’ ajratiladi. Bundan tashqari birlamchi sport jihozlari va anjomlari bilan ta’minlash uchun 2021 yilda 6 021 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga 2 million so’mdan, 9 942 ta umumta’lim muassasasiga 5 million so’mdan ajratiladi.
Bundan tashqari farmonda yana bir qator maqsad va vazifalar belgilab qo’yildi. 2025-yilga qadar Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug’ullanadigan aholining umumiy sonini 30% ga yetkaziladi.
Universitetimizda ham talabalar o’rtasida sportnirivojlantirish va ularni sportga jalb etish maqsadida ularga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Hozirgi kunda universitetimiz hududida Sog’lomlashtirish sport kompleksi mavjud bo’lib, ushbu kompleks qishgi basseyn, mini futbol maydoni, voleybol maydoni, tennis kortini o’z ichiga oladi. Bundan tashqari universitetimizda futzal sport turi bilan shug’ullanuvchilar uchun futzal maydoni, fitness bilan shug’ullanmoqchi bo’lgan talabalarga fitness zallari ham mavjud. Quvonarli tomoni shundaki, universitetimizda JIDU sport klubi faoliyati yo’lga qo’yilib, talabalar o’zlari hohlagan har qanday sport turi bilan shug’ullanishligini ta’minlash maqsadida bir qator sport to’garaklari ham tashkil etilgan. Boks, futbol, beyzbol, voleybol, basketbol va yana bir qator sport to’garaklari professional sport ustasi bo’lgan murabbiylar tomonidan olib borilmoqda.
Yurtimizda olib borilayotgan ushbu islohotlar, albatta, mamlakatimiz aholisining sog’lom turmush tarzini oshirish, hamda kelajak avlodning sog’lom tarzda ulg’ayishiga zamin yaratish maqsadida olib borilmoqda, zero farzandlari sog’lom yurtning kelajagi buyukdir!
Jismoniy madaniyat va sport o’qituvchisi,
Dilmurodov Shuhrat