02.11.2020 2654

JIDU talabalari Turkmaniston doimiy neytralitetining 25 yilligi va BMT tashkil topgan kunga bag'ishlangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining mintaqalararo Modelida qatnashdilar.

Ushbu tadbir 2020 yil 26-28 oktyabr kunlari onlayn tarzda, ingliz tilida bo'lib o'tdi.

Tadbir Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan BMTning Markaziy Osiyodagi preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi va BMTning Turkmanistondagi doimiy koordinatori idorasi bilan birgalikda JIDU Xalqaro hamkorlik departamenti va Universitet Yoshlar ittifoqining faol ko'magi bilan tashkil etildi.

Ishtirokchilar: Qo'shni mamlakatlar, xususan, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidagi diplomatiya va siyosatshunoslik sohalariga ixtisoslashgan universitetlar.

BMTning Mintaqalararo Modeli Yoshlar forumi davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi bir nechta tashkilotlarning faoliyati simulyatsiya qilindi. Xususan, BMT Bosh Assambleyasi, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) va Barqaror rivojlanish bo'yicha yuqori darajadagi siyosiy forumlar shular jumlasidandir.

Bosh Assambleyaning Bosh qo'mitalari, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashning funksional komissiyalari va Inson huquqlari bo'yicha kengashining yig'ilishlari simulyatsion tarzda o'tkazildi.

Yuqoridagi BMT Modelida professor-o'qituvchilar guruhi, diplomatiya va xalqaro munosabatlar (akademiyalar, universitetlar va institutlar) bo'yicha ixtisoslashgan 15 ta oliy o'quv yurtlari talabalari, shuningdek, Osiyo va Yevropaning 13 ta davlatidan amaldagi diplomatlar qatnashdilar.

O'tkazilgan yalpi majlislar va ko'p tomonlama muzokaralar doirasida yosh xalqaro ekspertlar neytralitet tamoyillarini targ'ib qilish, preventiv diplomatiyasi va hamkorlikni mustahkamlash, sog'liqni saqlash sohasidagi barqaror transport va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan bog'liq masalalar bo'yicha munozaralar va maslahat kengashlarini o'tkazdilar.

Forum yakunida qo'shma yakuniy hujjatlar va rezolyutsiyalar qabul qilindi, ularning matnlari ishtirokchilar tomonidan ko’rib chiqilib, kelishib olindi.

Konferensiya ishtirokchilari ushbu BMT modeli doirasida shu kabi tadbirlarni tashkil etish orqali muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Forumda JIDU tomonidan Elbek Abdullayev (JIDU Yoshlar ittifoqi yetakchisi), Ilhomjon Mo'minov (JIDU doktoranti), shuningdek JIDU Yoshlar ittifoqining faol talabalari ishtirok etishdi.  BMT Modelidagi ikkala prezident lavozimiga ham JIDU talabalari saylandilar: 

  • Xalqaro munosabatlar fakultetining 3-bosqich talabasi Ganiyeva Madina - Bosh Assambleyaning prezidenti;
  • XIM fakultetining 4-bosqich talabasi Abdumannopov Xondamir - ECOSOC prezidenti.

Bizning talabalarimiz BMTning mintaqalararo modelida quyidagi mamlakatlarni namoyish etishdi:

  • Xitoy: Xusniddinxo’ja Abduraximov (2-kurs, XIM), Sadoqat Ibodova (3-kurs, XM), Madina Ganiyeva (3-kurs, XM), Farangiz Abdumalikova (2-kurs, XIM)
  • Kanada: Oydin Karimova (3-kurs, XM), Jahongir Karimov (4-kurs, XIM), Jamshidbek Ibroximov (4-kurs, XH)
  • Birlashgan Arab Amirliklari: Xondamir Abdumannopov (4-kurs, XIM), Nazokat Narimova (2-kurs, XM), Umida Nurmatova (1-kurs, XM), Yulduzxon Suvanova  (4-kurs, XIM), Umida Bekmirzayeva (3-kurs, XH)

Ishtirokchilar ushbu tadbirda ishtirok etganliklari uchun maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanishadi.

BMTning mintaqalararo modeli o'z ishini muvaffaqiyatli yakunladi va natijada ikkita rezolyutsiya qabul qilindi.