Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimovning “Oʻzbekiston va BMT: hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar” mavzusidagi maʼruzasi
20.10.2020 3533
2020-yil 20-oktabr kuni JIDUda BMT haftaligining 2-kuni doirasida Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov “Oʻzbekiston va BMT: hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar” mavzusidagi onlayn maʼruzasi bilan ishtirok etdi.
Oʻzbekistonning BMTdagi yuqori martabali vakili oʻz ma’ruzasini Oʻzbekiston va BMT hamkorligining qisqacha tarixiga toʻxtalish bilan boshladi. Mamlakatimiz BMTga a’zo boʻlib kirganidan to hozirgi kunga qadar ushbu tashkilot bilan samarali hamkorlik aloqalarini olib borayotganligini qayd etdi.
Ma’ruza davomida B.Ibragimov davlatimiz rahbari SH.Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslar xususida toʻlaqonli ma’lumot berib oʻtdi. BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish, BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish, YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida „Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida“ degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish kabi takliflarni amalga oshirish boʻyicha maxsus yoʻl xaritalari ishlab chiqilganligini alohida ta’kidladi. Bu borada tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda aniq rejalar asosida puxta ishlar olib borilayotganligi qayd etildi.
B.Ibragimov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasida O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga ko‘pchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylangani xususida batafsil toʻxtalib oʻtdi. Bu jarayon judayam murakkab kechganligi, bu vazifani bajarish borasida Inson huquqlari milliy markazi va Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda ulkan ishlar amalga oshirilganligini ta’kidladi. Bu yangilanayotgan Oʻzbekistonning imijini yanada oshirishga xizmat qilishi, shu bilan birga oʻzbek diplomatiyasining navbatdagi yutugʻi ekanligi ma’mnuniyat bilan e’tirof etildi.
Ma’ruza davomida B.Ibragimov Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati BMT doirasida keng qoʻllab-quvvatlanayotganligi, hamda BMT huzuridagi diplomatik vakillar tomonidan olqishlanayotganligi toʻgʻrisida ma’lumot berdi. Shuningdek Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish borasidagi diplomatik sa’y-harakatlari BMT tomonidan yuqori darajada e’tirof etilayotganligi ta’kidlandi.
Ma’ruza soʻngida onlayn ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar. Yuqori martabali diplomat universitet talabalariga tajribali diplomat qanday sifatlarga ega boʻlishi borasida oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. G.Kissenjer, Z.Bjezinskiy va D.Fridman kabi buyuk diplomatlarning fundamental asarlarini doimiy mutolaa qilishni tavsiya etdi.
Shu bilan onlayn ma’ruza yakunlandi.