27.06.2020 3192

JIDU Xalqaro munosabatlar fakulteti 3-kurs talabalari Xalqaro jurnalistika fani doirasida "UWED Times" gazetasining 11-sonini chop etishdi. An’anaviy tarzda  "Xalqaro jurnalistika" fanidan professor Muminova Fatima Izzatullayevna rahbarligida talabalar har yili turli sarlavhalarda universtitet talabalari gazetasini chop etib kelishmoqda. Navbatdagi «UWED Times» gazetasi tahririyat tanlovi bilan A3 formatda 20 sahifada nashrga tayyorlandi. Maqolalarni tanlash, ularni joylashtirish va gazetani modellashtirish kabi asosiy vazifani bosh muharrir sifatida talaba Jasurbek Pulatov amalga oshirdi. Bundan tashqari, talabalar orasidan, dizayn, tahrir, sur’atlar bo’yicha mas’ullar saralab olindi. Jami yigirmadan ortiq talabaning maqola, hikoya va xabarlari chop etildi.

Gazeta turli mavzudagi, jumladan, xalqaro munosabatlar, COVID-19 pandemiyasi, ta’lim, kitob o‘qish haqidagi tahliliy va badiiy maqolalar, kichik badiiy asarlar, yangiliklar va qiziqarli lavhalarni o‘z ichiga oldi. Binobarin, gazetada Sultonboy Bekchanovning Hindiston va Pokiston munosabatlari haqida, Abdulla Xodjayevning “Zamonaviy dunyoda brend ahamiyati” kabi tahliliy maqolalari chop etildi. Ta’lim, o’qish madaniyati va adabiyotga muhabbat, shu bilan birga dunyo hamjamiyatidagi qiziqarli voqealar bayoni talabalar qalamida o’z aksini topdi. Aytish joizki, ushbu sonda bo’lajak yozuvchilar Shaxzod Mavlonov va Jasurbek Pulatovlarning badiiy va adabiy iste’dodlarini ko’rsatgan debyut hikoyalari, “Ilinj”, “Rizq” e’lon qilindi.

 Maqolalarning barchasi talabalar tomonidan yozildi, gazeta tahriri va dizayni to‘laligicha talabalar tomonidan amalga oshirildi. Bu o’ziga xos tajriba maktabi bo’ldi: san’at ta’mini totdik, mas’uliyatni va bahamjihat ishlash ahamiyati his qildik. Natijada, biz biri-birimizdan uzoqda bo’lsak-da buni amalga oshirdik, masofada maqsadimizga erishdik. Uzoq mehnat davomida qator qiyinchilikka duch keldik, eng samarali sur’atlarni tanlashda ancha bahslashdik. Biroq bizning hamjihatlikdagi mehnatimiz o’z mevasini berdi – har birimiz uchun qadrli ajoyib gazeta dunyo yuzini ko’rdi.

Gazetaning yaralishiga boshchilik qilgan, bizga yo’l-yo’riq ko’rsatgan, bizni ilhomlantirib, qo’llab-quvvatlagan ustozimiz professor Fatima Muminovaga kelgusi ishlariga rivoj tilab qolamiz. Faol va ijodkor do’stlarimizga esa tahliliy va axborot materiallar bilan ishlashdagi ushbu ilk tajribalari ularga yanada katta marralarni zabt etishda poydevor va rivojlanishlari uchun asos bo’lib qolishini tilab qolaman.

UWED Times №11/2020

Xumoyun Boboyev,
JIDU Xalqaro munosabatlar fakultetining 3-kurs talabasi