O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Аgzamxodjaev Аlisher Аnvarovich hamda Elchixona diplomatlari bilan “Pandemiya sharoitida diplomatlar oldidagi yangi chaqiriqlar” nomli onlayn uchrashuv
16.05.2020 3470
2020 yil 15 may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining onlayn konferensiya platformasida professor-o‘qituvchilar, bakalavriat va magistratura talabalari hamda doktorantlar bilan mamlakatimizning Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi А. Аgzamxodjaev hamda Elchixona diplomatlari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Onlayn suhbat davomida А.Аgzamxodjaev tomonidan O‘zbekiston va Turkiya davlati o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixi, Strategik munosabatlarning o‘rnatilishi va uning mohiyati batafsil so‘zlab berildi. Shuningdek, uchrashuvda investitsiya, eksport va boshqa sohalarda strategik hamkorlikni rivojlantirish, turizm va qurilish sohalarida Turkiya davlatining namunali tajribasini o‘rganish hamda koronavirus pandemiyasining O‘zbekiston iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, onlayn konferensiyada Elchixonaning bir-necha vakillari ham so‘zga chiqdilar. Xususan, Sh.Yigitaliev bugungi kunda raqamli diplomatiya, iqtisodiy diplomatiyaning o‘ziga xos xususiyatlari hamda “e-diplomacy”, “web-diplomacy”ning ahamiyati xususida nutq so‘zladi. Sh.Ikramov esa COVID-19 pandemiyasi sharoitida Turkiya davlatida vatandoshlarimizing duch kelgan muammolari va ularni bartaraf etish yuzasidan Elchixona tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar borasida maʼlumotlar berdi.
Tadbir davomida tinglovchilar tomonidan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo sohasiga, xususan ikki davlat o‘rtasida preferensial (erkin) savdo to‘g‘risidagi bitim istiqbollari, COVID-19 pandemiyasi sharoitidagi yangi chaqiriqlarga nisbatan qo‘llanilayotgan diplomatik vositalar haqidagi mavzularga katta qiziqish bildirildi. Mazkur uchrashuv, barcha ishtirokchilarda juda iliq taasurot qoldirdi.
Mazmunli va qiziqarli onlayn uchrashuv uchun Muhtaram Elchi А.Аgzamxodjaev hamda Elchixonaning barcha xodimlariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz hamda kelgusida samarali hamkorlikni yanada davom ettirishga umid qilamiz!