Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan oʻrganilayotgan dolzarb mavzularga bagʻishlangan videokonferensiya rejimidagi “davra suhbati” yakunlari boʻyicha press-reliz
11.05.2020 2942
2020-yil 11-may kuni BMT Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan oʻrganilayotgan dolzarb mavzularga bagʻishlangan videokonferensiya rejimidagi “davra suhbati” oʻtkazildi.
Videokonferensiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan birgalikda tashkil etildi. Unda Tashqi ishlar vazirligi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi va boshqa ilmiy-akademik doiralar vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan “Umumiy xalqaro huquqning imperativ normalari (jus cogens)” va “Xalqaro shartnomalarni vaqtincha qoʻllash” mavzulari hamda ushbu mavzular doirasida Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan xulosa va rahbariy qoidalar loyihalari muhokama qilindi.
Bundan koʻzlangan maqsad esa xalqaro huquq normalarining yaratilishida ishtirok etuvchi xalqaro tuzilmalarda Oʻzbekiston Respublikasining faolligini oshirish va xalqaro huquq norma ijodkorligi jarayonida davlatimiz manfaatlarini maksimal darajada inobatga olinishini taʼminlashdir.
Taʼkidlash joizki, ushbu “davra suhbati” xalqaro norma ijodkorligi faoliyatiga taalluqli masalalar muhokamasiga keng ilmiy-akademik doiralar vakillari jalb etilayotgan birinchi tadbir hisoblanadi.
Videokonferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida yuqoridagi mavzular doirasidagi Xalqaro huquq komissiyasining loyihalari yuzasidan davlatimizning rasmiy pozitsiyasini shakllantirish uchun bir qancha takliflar taqdim etildi.