Xotira chirogʻi hech qachon oʻchmasin!
30.04.2020 3767
Inson u hamisha oʻz hayotida yorqin iz qoldirgan lahzalarni, umr yoʻllariga ibrat nurini sochgan insonlarni xotirlaydi. Bu jarayonni ruhiyatimizga kuch-quvvat baxsh etadigan maʼnaviy buloqqa tenglashtirgim keladi. Qolaversa, biz tarix sahifalarida oʻz jasorati va matonati bilan iz qoldirgan katta bir avlodning izdoshlarimiz. Ikkinchi jahon urushi qancha-qancha davlatlar va xalqlar boshiga kulfatlar yogʻdirdi. Bu beshafqat urush millionlab begunoh insonlarni hayotdan bevaqt olib ketdi.
Urush davrida bizning mard va olijanob Oʻzbekiston xalqi gʻalabaga ulkan hissa qoʻshganini juda yaxshi bilamiz. Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev suhbatlarning birida: “Oʻzbekiston fashistlar Germaniyasini yakson qilishda mardonavor kurashgan, oʻz mehri, saxovati bilan barchaga ibrat boʻlgan”, deya bejiz taʼkidlamagan.
Vatan ozodligi uchun ushbu dahshatli urushda qatnashib, dushman ustidan qozonilgan gʻalabaga oʻz hissasini qoʻshgan yana bir oʻzbek oʻgʻloni mening otam — faxrim Siddiqxoʻja Muhitdinov boʻladi. Otamiz 26 yoshida urushga ukalari Maʼrufjon bilan birga ketgan (afsuski, amakim janglarda bedarak yoʻqolgan).
Otam Leningrad frontining 38-maxsus oʻqchilar batalyonida oddiy askar sifatida qatnashib, 1942-yili yaralangan. Saratov shahridagi harbiy gospitalda qoʻl va oyogʻi ishlamagani sababli amputatsiya qilinishiga rozi boʻlmay: “Onam bagʻriga bunday holatda bora olmayman”, deya rad etgan. Toʻrt oydan soʻng gospitaldan uyga demobilizatsiya qilingan.
Urushdan qaytgach, qiyin boʻlsa ham besh yil hassaga tayanib, Toshkent toʻqimachilik institutida boshlagan oʻqishini bitirdi. Keyin kolxozchi, kolxoz raisi oʻrinbosari, paxta zavodida smena boshligʻi, Yangiyoʻlda maktab direktori, Toʻqimachilik sanoati vazirligida masʼul xodim va 1949-yildan to pensiyaga chiqquncha, respublika davlat nazorat tizimida mehnat qildi.
Otamiz qayerda ishlamasin, hamisha bor bilim va tajribalarini ayamas edi, shuning uchun urushda koʻrsatgan jasorati hamda mehnat faoliyati davridagi xizmatlari uchun davlat tomonidan eʼtiborga olinib, qator orden, medal va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.
Otam hamisha: “Har narsaga chidash mumkin, faqat urush boʻlmasin, men uni koʻrdim, sizlar koʻrmang”, deb aytardi. U farzandlarini vatanparvar, toʻgʻrisoʻz boʻlishga oʻrgatdi. “Boshingga qilich kelsa ham, toʻgʻri gapir, hech qachon boʻlinmang, boʻlinganni boʻri yer, qachon birga boʻlsangiz, hech kim sizlarni yenga olmaydi. Urushda nimaga gʻalaba qildik, chunki barcha xalqlar, millatidan qatʼi nazar, birlashgan edik, hatto mayizni ham boʻlib yerdik. Bugun esa shu tinch hayotni asrashimiz kerak. Qiyinchilikdan hech qachon qoʻrqish kerak emas, uni yengish kerak. Oʻshanda boshqalarga ham foydangiz tegadi, oʻzingizni hurmat qila olasiz. Bu eng kerakli fazilat”, deya koʻp bor taʼkidlar edi.
Otamiz oilada hamisha ibrat timsoli boʻlgan. Umr yoʻldoshi Karimaxon oyijonimiz bilan besh farzandga taʼlim va tarbiya berdi. Eʼtiborli tomoni shundaki, otam hayot tajribasi davomida yaxshi pedagog va psixolog boʻlgani uchun barcha farzandlariga qaysi yoʻnalishda kasb tanlashini oldindan, yoshligidanoq aytib bergan. Haqiqatan, barchamiz oʻz ishiga fidoyi kasb egasi boʻldik: katta farzand Yashnar akam — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan quruvchi, Karomat opam — tibbiyot fanlari nomzodi, men ayni paytda siyosiy fanlari doktori, professorman. Ukalarim Sattor va Akobir texnika fanlari nomzodi ilmiy unvoniga sazovor boʻlgan.
Har yili 9-may kuni barcha farzandlar otam va onamni ziyorat qilgani xonadonimizda toʻplanar edik. Bir dasturxon atrofida oʻtirib, suhbatlashgan kezlarimizda otamning yuz-koʻzlari yorishib ketardi. Beixtiyor Ikkinchi jahon urushi bilan bogʻliq xotiralarini esga olar ekan, ne-ne safdoshlari ayni yorugʻ kunlarimiz uchun jon fido qilganligini aytib, koʻziga yosh olar edi.
Otam vafot etganida shuni angladimki, oʻz Vatani, kelajak avlod uchun munosib xizmat koʻrsata olgan insonlar hech qachon oʻlmas ekan. Biz, farzandlar qay bir ishga yeng shimarib kirishmaylik, otamning soʻzlari qalbimizda jaranglaydi. Bizni el-yurt ravnaqi uchun yana-da koʻproq mehnat qilishga, masʼuliyatli boʻlishga undaydi. Har gal Xotira maydonidagi Motamsaro ona haykali poyiga gul qoʻyar ekanman, ona Oʻzbekistonim nafaqat qahramon farzandlarini, balki dom-daraksiz ketgan jigarbandlari uchun ham nola chekayotganini his qilaman. Urushdan qaytgan-qaytmagan insonlar haqqi, biz, farzandlar oʻzimizga yuklatilgan eng ulugʻ vazifani unutmaylik! Ular uchun ham bugungi kunimizning qadriga yetaylik, oʻz mehnatimiz va izlanishlarimiz bilan yurtimizga munosib farzand boʻlaylik. Xotira chirogʻi hech qachon oʻchmasin, ilohim!
Eʼtibor SULTANOVA,
siyosiy fanlar doktori, professor