Amir Temur – yurtimiz tarixidagi dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk shaxs
09.04.2021 10261
Mustaqillik yillarida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida ma’naviy tiklanish, va umuman, yangilanish jarayonida Sohibqiron Amir Temur bobomizning muborak nomi, boy merosi, tarixiy siymosi va xotirasi ham tiklandi. 1996-yilning “Amir Temur yili” deb e’lon qilinishi hamda shu yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligi keng nishonlanishi, Samarqand, Toshkent va Shahrisabz shaharlarida muhtasham haykallar qad rostlashi, ulug‘ bobomiz sharafiga orden ta’sis etilishi shular jumlasidandir.
Bugun har yerda Amir Temurning mukammal hayot yo‘li, uning yuritgan tashqi siyosati va “Temur tuzuklari” asari keng jamoatchilikning qiziqishlariga sabab bo‘lmoqda. Amir Temurning davlatchilik, madaniyat, ilm-fan kabi sohalardagi ulkan merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda. Buning isboti o‘laroq, bugungi kunda yurtimizda va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Sohibqironning butun dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasiga oid juda ko‘plab asarlar yaratilib, keng ommaga taqdim etilayotganini keltirish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ijtimoiy-siyosiy, madaniy, iqtisodiy sohalarni yanada rivojlantirish, tinchlik va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida olib borilayotgan odilona siyosat hamda xalq manfaatlariga xizmat qilishdagi amaliy ishlar Amir Temurning faoliyatiga mazmunan hamohangligi bilan ahamiyatlidir.
Zero, Amir Temurning bunyodkorlik sohasidagi amalga oshirgan ishlari, shaharlarni har tomonlama yangilash, bog‘-rog‘lar, masjid-u ko‘priklar qurish bilan bir qatorda mamalakatdagi ilm ahliga berilgan yuksak e’tibor mana bir necha asrlar o‘tsa-da biz yosh avlodlarga ibrat bo‘lib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining ham ana shunday islohotlari nafaqat mamlakatimiz aholisi orasida, balki butun dunyoda yuksak e’tirofga etilmoqda.
Buyuk bobomiz Amir Temurning hayot yo‘li, yuritgan odilona siyosati, xalqsevarlik, vatanparvarlik kabi fazilatlari biz yoshlarda havas uyg‘otadi, albatta. Bugungi kunda yosh avlod vakillaridan ulug‘ bobomizning ishlarini davom ettirib, yurt farovonligiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz talab etilmoqda. Zero, Yangi O‘zbekistonning kelajagi – biz yoshlarning qo‘lida!
Dilmurod Dilmurodov,
Xalqaro munosabatlar fakulteti 1-bosqich talabasi