30.01.2021        4712

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2021 yil 30 yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5ta muhim tashabbus doirasida Xalqaro munosabatlar fakulteti murabbiylik soatida 1-bosqich talabalari ishtirokida Abdulla Oripov va Erkin Vohidov hayoti va ijodiga bag’ishlangan she’riyat kechasi o’tkazildi.

She’riyat kechasini o’tkazishdan maqsad yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishdir.

JIDUning yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori Laziz O’tkirovich Mingishev  o’z nutqida Prezidentimiz raisligida bo’lib o’tgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishidagi masalalarga alohida to’xtalib o’tdi.

Xalqaro munosabatlar fakulteti dekan muovini Sayyora Tillaxodjaeva kitob o’qish, adabiyot va she’riyat san’atining ahamiyati, shuningdek talabalar o’rtasida bu kabi ijodiy kechalarni yanada kengroq targ’ib qilishning muhimligini ta’kidladi.
Ijodiy kechada fakultetning 1-bosqich 2-guruh talabalari atoqli o’zbek shoiri va jamoat arbobi Abdulla Oripov hayoti va ijodi haqida so’zlab berdilar. 4-guruh talabalari esa taniqli o’zbek shoiri va adabiy tarjimon Erkin Vohidov qalamiga mansub she’rlardan parchalar o’qib, kecha qatnashchilarini bahramand qilishdi. Talabalar o’z chiqishlari orqali tinglovchilarga ikkala xalq shoirlarining ijodidagi asosiy g’oyalarni yetkazishga harakat qilishdi.

Adabiy kecha so’nggida guruhlar o’rtasida “Adabiyot va nazmning bo’lajak siyosatshunos  va diplomatlar faoliyatida tutgan o’rni” mavzusida kichik davra  suhbati o’tkazildi. Unda talabalar o’z fikr mulohazalari bilan o’rtoqlashdi. Tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga esdalik sovg’alari sifatida kitoblar taqdim qilindi. “She’riyat bo’stoni” kechasi barcha talabalarda katta taassurot qoldirdi.