"Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va tariximizga bir nazar" nomli ijodiy uchrashuv
21.12.2020 6537
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlarni yaratish boʻyicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 1 bosqichida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyotga, 4 bosqichida - yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, adabiyot boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan boʻlib, joriy yilning 19-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro munosabatlar” fakulteti tomonidan tashkil etilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi xunardmandlari uyushmasi aʼzosi, “Doʻstlik” ordeni sohibi, adabiyotshunos, sanʼatshunos, kulol-rassom Toxirjon Xaydarov ijodi asosida “Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va tariximizga bir nazar” nomli ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida ijodkor oʻzining adabiyot va sanʼat yoʻlidagi faoliyati, kulolchilikka boʻlgan mehr-ishtiyoqi, ilk ijodiy ishlari va yutuqlari, tarixiy shajaralarni yaratish jarayoni, kulolchilik uy-muzeyini hamda shaxsiy kutubxona tashkil qilish gʻoyasi va xozirgi kunda shogirdlari bilan olib borayotgan yangi ijodiy izlanishlari haqida talabalarga batafsil soʻzlab berdi. U yoshlarga qarata - shu yurtda kamol topayapmizmi demak, xar birimiz avvalo, shu Vatanga xizmat qilishimiz, mamlakatimizga havas qilishimiz, oʻzimizni kashf qilishimiz lozim. Bizni hech kim kashf qilib ketmaydi, shu sababdan oʻzimiz nimalarga qodirligimizni anglab, oʻzligimizni namoyon qilishimiz zarur. Bu har bir odamning va ayniqsa siz yoshlarning burchingizdir - deya talabalarni ruhlantirdi. Shuningdek u, - Men dunyoga chiqmayman, aksincha, dunyoni Oʻzbekistonga olib kelaman deya ahd qilganman va bu niyatimni roʻyobga oshirish uchun tunu - kun oʻz ustimda mehnat qilib, bosqichma - bosqich yuksalganman, - deya talaba - yoshlarga adabiyot, sanʼat, kitobxonlik olamiga mehr berishlarini maslahat berdi. Zero maʼnaviy yetuk va maʼnaviy komil inson hech qachon hech kimdan kam boʻlmasligini, oʻzining misolida koʻrsatib oʻtdi.
Uchrashuv soʻngida ijodkor, kitobga mehr qoʻyish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirishi, bu esa oʻz oʻrnida ularning hayot yoʻllariga poydevor boʻlib, kelajakda mustahkam zamin boʻlishini taʼkidladi hamda oʻzining eng yaxshi tilaklarni tilab qoldi.
Xulosa oʻrnida buyuk fors va tojik shoiri Abdurahmon Jomiyning quyidagi toʻrtligini keltirib oʻtishni joiz bildik.
Kitobdan yaxshi doʻst yoʻqdir jahonda,
Gʻamhoʻring boʻlgay u gʻamli zamonda.
U bilan qol tanho, hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.
S.Tillaxodjayeva.