18.03.2020        8310

Joriy yilning 11-mart kuni universitetimizning fransuz tilini o’rganayotgan bir guruh talabalari roman-german tillar kafedrasi o’qituvchilari Xurshida Xodjayeva va Saida Tuxtayeva hamrohligida 11 – 13-mart kunlari bo’lib o’tgan Beshinchi talabalar va o’quvchilar uchun frankofon teatr va ashula festivalida ishtirok etishdi.

Festival Fransiyaning O’zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan O’zbekiston yoshlar teatri hamkorligida Frankofoniya bayrami doirasida tashkillashtirilib kelinmoqda. Bu o’ziga xos festivalning ishtirokchilari yildan yilga oshib bormoqda. Joriy yilgi festivalda mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlarining 38 ta ta’lim muassasalari, universitet va umumta’lim maktablari, o’z teatr jamoalari bilan qatnashishdi. Sahna ko’rinishlar fransuz tilida ijro etildi.

Bu yil festival “Gender tengligi”, “Daraxtlarni asraymiz!” va “1001 kecha” mavzulari doirasida bo’lib o’tdi. Universitetimiz jamoasi festivalda “1001 kecha” mavzusida sahna ko’rinishini namoyish etdi. Qo’shiq, raqs, yumor va fantaziya bilan uyg’unlashgan sahna ko’rinishi tomoshabinlar va hakamlar tomonidan iliq kutib olindi.

Festival ko’tarinki ruh va do’stona kayfiyatda bo’lib o’tdi. Shu sababli, bu kabi festivallar o’quvchi va talabalar o’rtasida o’zaro do’stlik rishtalarini mustahkamlab, ularning san’atga jumladan, musiqa va teatrga bo’lgan muhabbatlarini ortishiga xizmat qiladi. Ularning umuminsoniy g’oyalar – tinchlikni qadrlash, tabiatni asrashga undaydi.

Festival yakunida, Fransiyaning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi      Isabelle Servoz-Gallucci va frankofon madaniyati ixlosmandlaridan tashkil topgan hakamlar hay’ati turli nominatsiyalarda eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar va g’olib jamoalarga “Moliere”larni – festivalning ramzi tushirilgan maxsus sovg’larni topshirdilar. Bizning jamoamizning chiqishi hakamlar hay’ati tomonidan alohida deb e’tirof etildi va barcha fransuz tilini o’rganayotgan talabalar qo’lga kiritishga intilayotgan “Moliere”ga sazovor bo’ldi. Ma’lumot uchun, festival tarixida universitetimiz ilk bor ushbu mukofotga loyiq topildi.

Universitetimiz sha’nini himoya qilgan barcha talabalar va ularning ustozlariga universtitetimiz ma’muriyati tomonidan o’z minnatdorchiligimizni bildiramiz.