28.12.2022        1864

2022-yilning 20-dekabr kuni Bosh prokuratura akademiyasida BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga a’zo davlatlar konferensiyasi ko‘rinishidagi BMT modeli ishga tushirildi.

Ushbu Konferensiya Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan bo‘lib, unda  Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda “Mintaqaviy muloqot” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar Oliy maktabi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti va Bosh prokuratura akademiyasi magistratura tinglovchilari ishtirok etishdi.

Sessiya kun tartibiga Konvensiyaning II bobi – Korruptsiyaning oldini olish chora-tadbirlari: Amalga oshirish mexanizmi korruptsiyani oldini olish va unga qarshi harakat qilish organi yoki organlari hamda ommaviy haridlarni va ommaviy mablag’larni boshqarish masalalariga e'tibor qaratildi. Birinchi bosqichi davomida ishtirokchilar uchun “Mintaqaviy muloqot” NNT eksperti Goran Klimenchich va Bosh prokuratura akademiyasi trenerlari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi. Konvensiyaning 6-moddasi hamda 9-moddasining 1-qismi mexanizmini amalga oshirishning milliy va xalqaro standartlari, shuningdek, ilg'or xorijiy tajribalar ko‘rib chiqildi.

2022-yilning 20 dekabr kuni boʻlib oʻtgan konferensiyada JIDU magistr tinglovchilari Muxayyo Mirzayeva, Venera Sayfullayeva, Nigina Xudayberganova, Abdulaziz Abdurazzaqov, Diyora Shukurova, Inobat Xakimova hamda trenerlar Dilshod Soliyev va Sarvarbek Ibodullayevlar faol ishtirok etib, sertifikatlarga ega boʻlishdi. Oliy ta’lim muassasalarining huquq yo‘nalishi talabalari BMT Konvensiyasining 6-moddasi va 9-moddasi 1-qismining bajarilishi yuzasidan belgilangan davlatlarning shartli delegatlari sifatida ishtirok etdilar. Xususan, JIDU magistr tinglovchilari Qozog‘iston Respublikasining BMT konvensiyasida delegat sifatida munozara qoidalariga muvofiq ma’ruzalarini himoya qildilar.