AQSh-Markaziy Osiyo munosabatlari boʻyicha davra suhbati oʻtkazildi
17.12.2022 1727
Joriy yilning 14-dekabr kuni JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida AQSh Milliy mudofaa universitetining Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi (Near East South Asia Center, NESA) vakillari bilan “AQSh va Markaziy Osiyoning zamonaviy munosabatlari: ustuvor yoʻnalishlar, chaqiriqlar va global geosiyosiy vaziyatning ta’siri” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda amerikalik ekspertlar, JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-oʻqituvchilari, talabalari va doktorantlari ishtirok etdi.
Davra suhbati ishtirokchilari Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va yanada rivojlanishini muhokama qildilar. Iqtisodiy sektordagi taraqqiyotga alohida e’tibor qaratildi, shuningdek, Markaziy Osiyo yadrosida joylashgan va Afgʻoniston bilan muzokaralarda oʻziga xos muhim aktor boʻlgan Oʻzbekiston bilan hamkorlik istiqbollari qayd etildi. Davra suhbati yakunida tinglovchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar olindi.