16.10.2019 7683

Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligining 30 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida” 2019-yil 4-oktyabrdagi PQ-4479-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan ommaviy maʼnaviy-maʼrifiy chora-tadbirlar dasturi doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Boqiysan, iftixorimsan, ona tilim!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-musiqiy tadbir tashkil etildi.

Unda Respublika “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi, falsafa fanlari doktori J.Shermuhamedova, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi, taniqli shoira Umida Abduazimova, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli sozandasi Dilnoza Mumtoz, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Toshkent shahar boʻlimi hamda Mirzo Ulugʻbek tumani boʻlimi xodimlari, universitet talaba-yoshlari va  professor-oʻqituvchilari jami 300 nafar aholi ishtirok etdi.

Tadbirni universitet prorektori Bakoyev Matyoqub Teshayevich samimiy tabrik soʻzi bilan ochib, barchani “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganligining shonli 30 yilligi bilan muborakbod etdi.

Tadbir ishtirokchilari olima J.Shermuhamedova, shoira Umida Abduazimovalarning ona tilimiz xususidagi kuyinib gapirgan fikrlari sozanda Dilnoza Mumtoz ijrosidagi kuy va qoʻshiqlarga bogʻlanib ketdi.

Ayniqsa, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olayotgan chet ellik talabalarning oʻzbekcha mulohazalari barchani lol qoldirdi. Shuningdek, poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani Madaniyat markazi tashabbusi bilan uyushtirilgan maktab oʻquvchilarining ona tili haqidagi sheʼrlari davraga yanada joʻshqinlik baxsh etdi.