19.09.2019 6932

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Xankuk (Koreya) universiteti o‘rtasida 2017- yilda tuzilgan Memorandumning talabalar almashinuvi dasturiga muvofiq JIDUda bir necha yillardan buyon koreyalik yoshlarga ta’lim berib kelinmoqda.

Dastur o‘zbek va rus tillaridan ta’lim berish, shuningdek, o‘zbek madaniyati va milliy hayot tarzi bilan tanishtirish maqsadini ko‘zda tutadi.

Dastur doirasida tahsil olib ketgan koreyalik tinglovchilar zarur amaliy bilimlar va yorqin taassurotlar bilan Vatanlariga qaytmoqdalar.  Jumladan, o‘tgan  o‘quv  yilida bir semestr va yozgi ta’til davomida tahsil olgan Xankuk chet tillari universiteti talabasi Gyu Hui Hwang o‘zbek tilida erkin muloqot qilish ko‘nikmalarini egallash bilan bir qatorda rus tili, shuningdek, o‘zbek milliy qadriyatlarini ham katta qiziqish bilan o‘rgandi. 

U Universitetdagi ta’lim tizimi va sifatiga yuqori baho berdi va dars mashg‘ulotlaridan, universitetdagi do‘stona va iliq muhitdan, universitet rahbariyati, o‘qituvchilar va talaba do‘stlarining g‘amxo‘rligidan mamnun ekanligini bildirdi.

Bu yil sentabr oyida yana yangi talabalar - Sim Jaehong, Kang Dayoung, Lee Hyunji, Hwang Yejin, Choo Changmin, Nam Giyun, Moon Sooyeoung, Ko Dongildan iborat  guruh Universitetimizga tashrif buyurdi.

Ular talabalar yotoqxonasiga, o‘zbek yoshlari orasiga joylashtirildilar. Ayni vaqta darhol mashg‘ulotlarga ham kirishib ketdilar.

Hozirda ular o‘zbek va rus tillaridan saboq olib, darslarni qunt bilan o‘zlashtirmoqdalar. Koreyalik talabalarning O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotlari juda yorqin va iliq, JIDU da o‘tayotgan kunlaridan mamnun ekanliklarini izhor qilmoqdalar.