19.09.2019 10040

2019 yilning 12 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi bilan hamkorlikda universitet Faollar zalida “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.

Unda mazkur Markazning bo‘lim boshlig‘i G‘ulomov Shuhrat Baxadirovich, xodimlari Mahmudov Muhammadqodir G‘anisher o‘g‘li, Karimov Odilbek Ravshanbek o‘g‘li ishtirok etdilar.

Tadbirni universitetning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori L.Mingishov kirish so‘zi ochib, universitet talabalarining mafkuraviy immuniteti va g‘oyaviy kurashchanligini yuksaltirish, ular o‘rtasida ichkilikbozlik va kashandalikning oldini olish, giyohvandlik va mayda jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida taklif etilgan mehmonlar bilan tanishtirdi va so‘zni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Sh.G‘ulomovga berdi.

Ma’ruzachilar odam tanasi narkotik moddani qabul qilganidan keyin uning bosh miyasi ishlab beradigan indorfin garmoni ko‘payib borishi, natijada, narkotik iste’mol qilgan odam bu ta’sirdan chiqa olmay qolishi haqida hayotiy misollar keltirib, talabalarga atroflicha tushunchalar berdi.

Shundan so‘ng, mavzuga oid qisqa videorolik talabalarga namoyish etildi. Qisqa metrajli videorolikni tomosha qilishgach, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.