23.05.2019 13408

“Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (2019-yil 21-may, PF-5723-son)ga muvofiq, 2019-yil  1-sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga quyidagi miqdorlar belgilandi:

  • Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori - 577 170 so‘m;
  • Bazaviy hisoblash - 202 730 so‘m;
  • Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori - 202 730 so‘m.

2018-yil 1-noyabrdan boshlab 202 730 so’m etib belgilangan ilgari qo’llangan “eng kam ish haqi” tushunchasi o’rniga Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori, bazaviy hisoblash miqdori hamda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori atamalari joriy qilindi.

Ya’ni endilikda:

  1. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori orqali (577 170 so‘m):
  • maoshlar;
  • ustamalar;
  • qo‘shimcha haq;
  • gonorar;
  • qo‘shimcha ish uchun kompensatsiya to‘lovlari;
  • rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarning boshqa turlari;
  • qonunchilikda belgilangan ushlanmalar;
  • oilalarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojligi;
  • ishsizlik bo‘yicha nafaqalar miqdori aniqlanadi.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1,0 tarif koeffitsenti bo’yicha Mehnatga haq to’lashning yagona tarif setkasi birinchi razryadi bo’yicha oylik stavkasining puldagi ifodasi hisoblanadi.

2) Bazaviy hisoblash miqdori orqali quyidagilarni aniqlashda qo‘llaniladi (202 730 so‘m):

soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari uchun boshqa to‘lovlarning miqdorlari;

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun patent, litsenziya va boshqa to‘lovlarning qiymati, tashkilotlarning ustav va boshqa fondlari (kapitali) miqdori, pulsiz shaklda to‘lanadigan aksiyalar, boshqa qimmatli qog‘ozlarning qiymati, yuridik shaxslar aktivlarining balans qiymati, mikrokreditlar va lizing, shuningdek boshqa moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarning cheklangan miqdori.

Talabalarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishlari uchun kontrakt to’lov miqdorlari ham bazaviy hisoblash orqali amalga oshiriladi.

3) Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori (202 730 so‘m) esa pensiyalar, ustamalar, qo‘shimcha haq va kompensatsiya to‘lovlari, shuningdek, xodimlar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashda qo‘llaniladi.

Eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan ustamalar, qo‘shimcha haq, mukofotlar hamda boshqa kompensatsiya va rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarning barcha turlari mazkur to‘lovlarning so‘mda ifodalangan amaldagi miqdorlarini saqlab qolgan holda qayta hisob-kitob qilinadi.

Ushbu Farmon bilan ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar, jarimalar, to‘lov-kontraktlar va boshqa shu kabi to‘lovlar oshishi nazarda tutilmagan.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan tegishli sohalar bo’yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bugungi kun talablaridan kelib chiqib o’z vaqtida amalda joriy qilinayotganligi, prezidentlik saylovoldi dasturida qo’yilgan vazifalarni bosqichma-bosqich samarali ro’yobga chiqarilayotganligi, shuningdek barcha sa’y-harakatlar va islohotlarni jahon andozalariga va standartlariga mos kelishi alohida tahsinga sazovordir.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan xalqimiz manfaatlari yo’lida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa jabhalardagi ayrim chigalliklari mavjud bo’lgan hamda bugungi kun sharoitidan kelib chiqqan holda o’zgartishlar va tuzatishlar kiritishni talab etayotgan qonunchilik normalarini muvofiq ravishda qayta amalga tatbiq etilishi ustuvor masalalardan biridir.

Muallif: F. Tashev