“Mamlakatimizning statistika salohiyatini oshirish, statistik maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash” mavzusida “Davra suhbati” boʻlib oʻtdi
22.05.2019 8937
2019 yil 22 may kuni soat 10:30 da Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Mamlakatimizning statistika salohiyatini oshirish, statistik maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash” mavzusida “Davra suhbati” boʻlib oʻtdi.
Tadbirda, Davlat statistika qoʻmitasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻqituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4273-son qaroriga asosan, Davlat statistika qoʻmitasi, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portali (data.gov.uz)da oʻz vaqtida aks ettirilishi boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish uchun masʼul etib belgilandi.
Shuningdek, davlat statistika organlarida amalga oshirilayotgan ishlardan koʻzlangan asosiy maqsad, Oʻzbekiston Respublikasida boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar va islohotlar toʻgʻrisidagi ochiq va haqqoniy maʼlumotlarni xalqaro tashkilotlarning maʼlumotlar bazalarida hamda yetakchi xalqaro reytinglarda aks ettirilishini taʼminlash ekanligi alohida eʼtirof etildi.
Taʼkidlanganidek, statistik axborotlarning maksimal darajada ochiqligini taʼminlash maqsadida eʼlon qilinadigan koʻrsatkichlar tarkibi qayta koʻrib chiqilib, kengaytirildi. Qoʻmitaning rasmiy veb-sayti tahliliy maʼlumotlar, byulletenlar, doklad va press-relizlar bilan muntazam ravishda boyitib borilmoqda.
Shuningdek, Davlat statistika qoʻmitasining masʼul xodimlari tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham atroflicha javob qaytardi.