19.04.2019 8119

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda, jumladan, O‘zA bosh direktori Abusaid Ko‘chimov, direktor o‘rinbosari Irismat Abduxoliqov, JIDU Xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori S.Saidqosimov, JIDU professor-o‘qituvchilari hamda 60 dan otriq talabalar ishtirok etdilar. Ushbu tadbir mavzusi JIDU hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi o‘rtasida hamkorlik masalasiga bag‘ishlandi. JIDU O`zbek va rus tillari kafedrasi tashabbusi bilan o`tkazilayotgan ushbu tadbir UzA, xususan, taniqli publitsist, yozuvchi, shoir va tarjimon, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abusaid Ko‘chimov, shuningdek, taniqli jurnalist Irismat Abduxoliqovlar bilan o`tkazilgan uchrashuvda bildirilgan takliflar natijasidir.  Oldin bo`lib o`tgan uchrashuvda talabalar taniqli jurnalistga O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb mavzularda maqolalari bilan ishtirok etish istaklarini bildirganlarida, bunga javoban O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori ularning istagini  bajonidil qo’llab-quvvatladi,  zarur maslahat va ko’makka tayyor ekanligini ta’kidlagan edi. Shu munosabat bilan ushbu bitim tuzilishiga O‘zAning davlatimiz ichki va tashqi siyosatiga oid rasmiy axborot tarqatish vakolati berilgan tashkilot ekanligi, JIDUda xalqaro soha mutaxassis kadrlari tayyorlanishi, shunga ko‘ra har ikki muassasa o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish muhimligi omil bo‘lib xizmat qildi.

Universitet prorektori kirish nutqida hozirgi shiddatli zamonda jurnalistikaning o‘rni va ahamiyati, xususan, milliy jurnalistikamizning holati, bu borada davr qo‘yayotgan talablar, tanqidiy ruhning sustligi, jurnalistning fuqarolik burchi, vatanparvarlik hissining muhimligi xususida so‘zladi, yosh avlodni uyg‘oqlikka, faoliyatga chaqirdi.

Abusaid Ko‘chimov bugungi jurnalistikaning holati, undagi muammolar, zamonaviy jurnalist qiyofasi qanday bo‘lishi lozimligi, matbuot bilan bog‘liq dolzarb masalalarni qisqacha tahlil qilib berdi. Jurnalist Irismat Abduxoliqov o‘zining jurnalistlik tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, haqiqiy zamonaviy jurnalist qanday bo‘lishi lozimligi, ushbu sohaning yorqin namoyondalari haqida gapirib, ularning hayoti va ijodiga oid qiziqarli ma’lumotlar keltirdi. Jamiyat ma’naviy va iqtisodiy hayotidagi ulkan islohotlar, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib, ulardan oqilona foydalanishga undadi.

Chiqshlardan so‘ng talabalar mehmonlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Savollar, jumladan, an’anaviy OAV hamda Internet, mutolaa, til va yozuv, O‘zA saytining imkoniyatlari, gazeta va jurnallarning ahvoliga oid bo‘ldi. Talabalar o‘zlarini qoniqtirgan javoblarni oldilar.

Tadbir davomida Tomonlar o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va shartlari to‘g‘risida kelishib oldilar, jumladan, JIDU qoshida “Yosh jurnalistlarning O‘zA laboratoriyasi”ni tashkil qilish, shuningdek, JIDU talabalari orasidan shtatsiz muxbirlar tayyorlash hamda ularning O‘zA faoliyatidagi ishtirokini ta’minlash, ular ijod namunalarini O‘zA kutubxonasida joylashtirish, eng yaxshi maqola tanlovlarini o‘tkazish kabi ikkitomonlama manfaatli vazifalarni amalga oshirish rejalashtirildi.