13.04.2019 8481

“Xalqaro huquq” fakulteti “Xalqaro ommaviy huquq va davlat-huquqiy fanlar” kafedrasi dotsenti, yu.f.n. Muminov A.R. Xindistonning Javaxarlal Neru universiteti taklifiga binoan va Oʻzbekistonning Xindistondagi Elchixonasining qoʻllab-quvvatlashi bilan, joriy yilning 10 mart-27 mart kunlari Visiting scholar sifatida J.Neru universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida, A.Muminov J.Neru Universitetida magistrlar va Ph.D doktorantlari uchun akademik maʼruza oʻqidi hamda olimlar va mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilgan ikkita ilmiy-amaliy seminarda ilmiy maʼruza qildi.

Jumladan, 14 mart kuni “Oʻzbekistonning siyosiy, huquqiy tizimlari” mavzusida magistrlar va Ph.D doktorantlari uchun maʼruza oʻqidi. Maʼruza tadqiqotchilarda qiziqish uygʻotdi, savol javoblar boʻlib oʻtdi. Tadqiqotchilar Oʻzbekistonning siyosiy va huquqiy tizimidagi islohotlar, ularning natijalari va samaradorligi yuzasidan oʻzlarining qiziqtirgan savollarini berishdi. Mazkur maʼruza toʻgʻrisidagi axborot UzDaily.uz, Uzreport kabi, ommaviy axborot vositalarida yoritildi.

Shuningdek, 18-19 mart kunlari J.Neru universitetida Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Foreing Policy of Eurasian States: Determinants, Objectives and Priorities” mavzusidagi ilmiy seminarda ishtirok etib, “Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari” mavzusida maʼruza qildi. Seminar ishtirokchilari Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi ijobiy oʻzgarishlar, ayniqsa mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan Markaziy Osiyodagi oʻzaro ishonchga asoslangan yangi muhitni shakllanganligi, bu boradagi olib borilayotgan faol tashqi siyosat, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarning mintaqadagi oʻzgarishlarga boʻlayotgan qiziqishlari boʻyicha savollarini berishdi.

25-26 mart kunlari J.Neru universitetining yaqin hamkori va Markaziy Osiyo, shu jumladan Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi Jamia Millia Islamia Universiteti (Jamia Millia Islamia University)da tashkil etilgan “National Conference on India, China and the Arab World: Exploring New Dynamics organised by India-Arab Cultural Centre” mavzusidagi konferensiyada tashkilotchilar taklifi boʻyicha “Oʻzbekistonning arab davlatlari bilan oʻzaro hamkorligi” mavzusidagi maʼruza bilan ishtirok etib, unda Oʻzbekistonning arab davlatlari bilan olib borayotgan ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik aloqalari, ularning ustuvor yoʻnalishlari hamda istiqbollari toʻgʻrisida konferensiya ishtirokchilari bilan oʻzaro fikr almashildi.

Tashrif davomida J.Neru universiteti va uning oʻquv va ilmiy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishildi, Universitet bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik boʻyicha fikr almashildi. J.Neru universiteti oʻzining ilmiy salohiyati bilan Xindistondagi eng nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi.