19.03.2019 9750

2019 yil 18-19 mart kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Navroʻz – umumxalq bayrmi”ga bagʻishlangan “Assalom, Navroʻzi olam! mavzusida bayram tantanalari boʻlib oʻtdi.

Universitet jamoasi ushbu bayramga puxta tayyorgarlik koʻrishdi. Va natija, albatta kutilganidek boʻldi.

Sahna maydoni atrofi chiroyli bezatilgan, turli koʻrgazmalar va boshqa qiziqarli sahna bezaklari. Maydonda aziz mehmonlar, universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar va talaba-oʻquvchilar yigʻilgan. “Navroʻz” musiqa sadolari ostida sahnaga tadbir boshlovchilari chiqib kelishdi va barcha yigʻilganlarni betakror ona yurtimiz – Oʻzbekistonimizga fasli bahor tashrifi, yaʼni “Navroʻzi olam” bilan muborakbod etdilar.

Zero, “Navroʻz” – bu yangi yil, yangi kun demakdir. Shunday ekan, “Navroʻz” barchamizga, butun xalqimizga tinchlik va osoyishtalik, fayz-u baraka, risq-u roʻz, yangi-yangi omad va baxt olib kelsin! Yurtimiz tinch va osmonomiz hamisha musaffo boʻlsin!

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor.

Taʼkidlash joizki, bu yilgi bayram tantanalari universitetimizda oʻzgacha sayl sifatida tashkil etilayotgani barchamizni quvontiradi. Zero, sumalak atrofida, osh dasturxoni atrofida barcha birgalikda, bir jon, bir tan boʻlib harakatlanayotgani fikrimizning dalilidir, - deydi davra boshlovchilaridan biri.

Maʼlumki, Oʻzbekistonimizning har bir hududi oʻziga xos mentlitetga va milliy urf-odatlarga ega. Ana shu oʻziga xosliklar universitet talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlarida yaqqol namoyon boʻldi. Mehmonlar va davra ishtirokchilari hududiy sahnalar davomida, albatta oʻzlari bilgan va bilmagan, eshitgan va eshitmagan qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldilar.

“Xalqaro huquq” fakulteti talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining urf-odatlarini oʻzida aks ettiruvchi kuy va qoʻshiqlar, qadimgi “Avesto” vatani boʻlmish, buyuk sanʼat namunasi Xorazm, oʻzining qadimgi milliy anʼanalari, muborak qadamjolari, betakror sanʼat va madaniyat namunalari bilan maʼlum va mashhur boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasining urf-odat va ilgʻor anʼanalarini namoyish etuvchi “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari, ayniqsa maroqli boʻldi.

“Navroʻz” tantanalari universitetning 4 ta maydonida oʻtkazildi. Birinchi maydonda “Navroʻz” sayli. “Navroʻz taomlari dasturxoni” koʻrik-tanlovi, ikkinchi maydonda universitet iqtidorli talabalarining ijodiy ishlari koʻrgazmasi: fotoishlanmalar va “Yosh rassomlar” koʻrik-tanlovi, uchinchi maydonda akademik guruhlar va fakultetlararo sport musobaqalari (kurash, tosh koʻtarish, arqon tortish, darts, armrestling va b.), toʻrtinchi maydonda mehmonlar, professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar va talaba-yoshlar uchun bahoriy taomlar bilan osh dasturxoni bezatildi.

Koʻrik-tanlovlar va sport musobaqalari gʻoliblari universitet rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandilar.

Ana shunday kezlarda, beixtiyor “Navroʻzing muborak, jonajon Oʻzbekistonim!”, deging keladi.