18.02.2019 9084

2019 yil 16 fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri taniqli publitsist, yozuvchi va jamoat arbobi Ahmadjon Meliboyev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Mazkur uchrashuv universitetda buyuk ajdodlarimiz Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlariga bagʻishlangan tadbirlar haftasi doirasida uyushtirildi.

Tadbirni JIDU prorektori prof. S. Saidqosimov kirish soʻzi bilan ochib berdi. U adabiyotning jamiyat maʼnaviy hayotidagi oʻrni, inson ongi, ruhi hamda hissiga beqiyos ezgu taʼsiri haqida soʻzlab, yurtimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish yoʻlida qilinayotgan xayrli ishlarga yuksak baho berdi. Jumladan, “Jahon adabiyoti”jurnalining el orasida jahon maʼnaviy xazinasi durdonalarining targʻiboti borasidagi saʼy-harakatlarini alohida taʼkidlab, davradagilarga jurnal bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevni tanishtirdi.

Ahmadjon Meliboyev nutqini buyuk ajdodlarimiz oʻlmas merosining ahamiyati, jahon madaniyatidagi oʻrni haqidagi soʻzlar bilan boshladi. Navoiy sheʼriyatining siri, sehrini namoyon qiluvchi yorqin misollarga, Bobur isteʼdodi va shaxsiyatiga oid tesha tegmagan maʼlumotlarga boy bu nutq yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi. Notiq, shuningdek, “Jahon adabiyoti” jurnalining tashkil qilinishi tarixi haqida soʻzladi, bu hodisaning yurtimiz maʼnaviy hayotida katta voqea boʻlganligi, oʻtgan 23 yil ichida jurnal sahifalarida jahon hamda oʻzbek adabiyotining sara namunalari, publitsistika, adabiy-tanqidiy materiallarni oʻz ichiga oluvchi uch mingdan ortiq material chop etilganligini taʼkidladi.

Ahmadjon Meliboyev yoshlar orasida kitobxonlikning pasayib ketishidan afsusda ekanligini bildirdi, kitobni sevishga, hurmat qilishga undash zoʻravonlik bilan emas, tabiiy, ixtiyoriy ravishda boʻlishi lozimligini uqtirdi; oʻzining kitob oʻqish, anglash borasidagi qiziqarli tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Notiq chiqishidan soʻng talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Jumladan, talabalar hozirgi publitsistikaning hamda jurnalistlarning saviya va darajasi, jurnalda chop etilishga moʻljallanayotgan asarlar, asliyatdan tarjima, bu boradagi nuqsonlarga oid savollarga oʻzlarini qoniqtirgan asosli va oʻrinli javoblar oldilar.

Tadbir iliq, doʻstona kayfiyatda oʻtdi hamda yigʻilganlarda chuqur taassurot qoldirdi.