02.02.2019 8702

28 yanvar kuni JIDU vakillari hamkor-universitet sifatida GCRF COMPASS loyihasi tomonidan tashkil qilingan London forumida ishtirok etdilar. Mazkur tadbirda Belarus, Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Tojikiston universitetlari va Buyuk Britaniyaning Kembridj va Kent universitetlaridan koʻzga koʻringan olimlar, shu jumladan, universitetlar rahbarlari va taʼlim sohasi vakillari hamda mutaxassislar Buyuk Britaniya hukumati vakillari, siyosatchilar va amaliyotchilar bilan muloqot olib bordilar. Forum aloqalarni yoʻlga qoʻyish va barqarorlikni oshirishning turli bosqichlari – institutsional, taʼlim, ijtimoiy, iqtisodiy, energetik va xavfsizlik sohalarida hamkorlik qilish yoʻllarini oʻrganish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchisi Alisher Shayxov va professor Alisher Fayzullayev oʻzbek universitetlarining taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirishi muhim ekanligini taʼkidlab, Oʻzbekistonda fan va taʼlim sohasidagi keng koʻlamli islohotlar haqida toʻxtalib oʻtdilar. Ushbu islohotlar dunyoning yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochib bergani alohida qayd qilindi.