01.02.2019 6872

2019 yilning 20-26 yanvar kunlari JIDU delegatsiyasi hamkor-universitet sifatida GCRF COMPASS loyihasi tomonidan Bryusselda rahbarlar uchun tashkil qilingan oʻquv safarida ishtirok etdi. Mazkur tadbir Bryussel markazidagi press-klubda tashkil qilingan boʻlib, unda butun Konsorsiumdan oliy darajadagi delegatsiyalar – Ozarbayjon, Belarus, Tojikiston, Oʻzbekistondan hamkor oliy oʻquv yurtlari vakillari, aʼzo olimlar va vazirliklar vakillari hamda Buyuk Britaniyaning Kembridj va Kent universiteti vakillari 5 kunlik oʻquv dasturini oʻtish va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun yigʻildilar. Ushbu muhim tadbir ishtirokchilari Yevropa Ittifoqining yuqori lavozimdagi mansabdorlari va amaliyotchilari bilan fikr almashish va Yevropa Ittifoqida qarorlar qabul qilish, muzokaralar olib borish, lobbilar orqali manfaatlarni ilgari surish, savdo masalalari, moliyalashtirish va tenderlar, ilmiy hamkorlik hamda Sharqiy sherikchilik mamlakatlari va Markaziy Osiyo uchun strategik ustuvor yoʻnalishlar haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlish uchun uchrashdi. Bryusseldagi tadbirlar davomida Oʻzbekiston Respublikasining Belgiya qirolligidagi elchixonasi Oʻzbekiston tashqi siyosatining yangi ustuvor yoʻnalishlari va mamlakatda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar toʻgʻrisida maxsus taqdimot oʻtkazdi.