Jamol Kamol aziz mehmonimiz
16.11.2018 10674
2018-yilning 16-noyabr kuni soat 14.30da faollar zalida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida otashin publitsist, mohir tarjimon, O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol bilan ushrashuv bo‘lib o‘tdi. Respublikaning ko‘zga ko‘ringan olimlari, taniqli adabiyotshunoslar hamda matbuot vakillari ishtirokida o‘tgan ushbu tadbirda zalda yig‘ilgan professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar Jamol Kamolning qiziqarli faktlar, ma’lumotlar, xotiralarga boy va ayni paytda jamiyat hayotidagi jarayonlarga faol munosabat, yosh avlod uchun foydali o‘git hamda maslahatlar bilan yo‘g`rilgan suhbatidan bahramand bo‘ldilar.
Uchrashuvga, jumladan, O‘zFA akademiki T.Rashidov, Jahon tillari universiteti professori, siyosatshunoslik fanlari doktori N. Jo’rayev, “Adabiyot” gazetasi bosh muharri Baxtiyor Karim va Respublikaning boshqa ko‘zga ko‘ringan madaniyat arboblari tashrif buyurdilar.
Tadbirni JIDU prorektori Saidmuxtor Saidgaziyevich Saidqosimov kirish nutqi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida tadbir mehmoni O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamolga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi va shoirning o‘zbek xalqi oldidagi va adabiyot sohasidagi xizmatlarini e’tirof etdi.
Ijodkorlar bilan uchrashuv hamisha bayram maqomida bo'ladi, – deya o`z nutqini boshladi birinchi bo‘lib so‘zga chiqqan professor Nazrulla Jo‘rayev. Professor jo‘shqin nutqi davomida Jamol Kamol shaxsiyati, ijodi, tarjimonlik faoliyati haqida gapirdi, shoir iste’dodining o‘ziga xos jozibasi bilan zalda yig‘ilganlarni oshno qildi. Bu insonning xalqimiz, adabiyotimiz, umuman, ma'naviyatimiz oldidagi xizmatlari beqiyos ekanligini alohida ta’kidladi.
Akademik T.Rashidov shoirga bo‘lgan chuqur hurmat-ehtiromini bayon qilib, uning san’at va adabiyot taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlariga yuksak baho berdi.
Tadbirda shoirnng yangi kitobi taqdim qilindi.
“Abadiyat ostonasida“ deb ataluvchi ushbu asarda shoirning yurtimiz mustaqilligi arafasi va mustaqillik yillarida bitilgan, jamiyat hayotining dolzarb masalalariga bag'ishlangan maqolalari, ijodkorlar haqidagi adabiy mushohadalari, xotiralari jamlangan.
Uchrashuvga, ayniqsa, hassos shoirning nutqi alohida ruh bag‘ishladi, uning jamiyat va adabiyot, yoshlar va mutolaa, ta’lim va ma’naviyat, din va madaniyat, siyosat bobidagi fikr-mulohazalari tinglovchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Talabalarning shoir bilan kechgan davomli va maroqli savol-javoblari ana shu taassurotning natijasi bo‘ldi.
Talabalarni serqirra ijodkor faoliyatining turli jabhalari qiziqtirdi. Savol-javoblar, jumladan, Shekspir asarlari tajimasi, Jamol Kamolni mashhur tragediyalarni Cho`lpon, Shayxzoda hamda G`afur Gulomlardan keyin yana tarjima qilishga undagan omillar, mavlono Jaloliddin Rumiy falsafasida maftun qilgan jihatlar, hozirgi o`zbek she’riyatining holatiga bahosi, zamonaviy publitsistikaga munosabati, bugungi kunda san’atkorining vazifasi, burchi, mutolaaning pasayib ketishi kabi masalalar tevaragida kechdi.
Ko‘pni ko‘rgan, katta ilmiy va hayotiy tajribaga ega, bilimdon ijodkor bo‘lajak xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassislariga til o‘rganish, tarjima borasida qimmatli maslahatlar berdi, diplomat qiyofasi, ma`naviyati, dunyoqarashi qanday bo`lishi lozimligi borasidagi o‘z qarashlarini izhor qildi.
Tadbirga talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy qism, shoir Jamol Kamol she’riyati muxlislari o‘qigan she’rlar, qo‘shiqlar alohida bayramona kayfiyat baxsh etdi.
Tadbir so‘nggida talabalarga Jamol Kamol “Saylanma“sining uch jildi sovg'a qilindi.
TALABALARNING SHOIR BILAN UCHRASHUVDAN OLGAN TAASSUROTLARI
Xalqaro huquq fakulteti 1-kurs talabasi Ikramiddinov Javohir:
“Menda bu uchrashuv juda katta taassurot qoldirdi. She’riyat, shoir, uning hayotdagi o‘rni, vazifasi haqidagi tasavvurlarim boyidi. Jamol Kamolning hayot yo‘li, mashaqqatlarga qaramasdan maqsad sari intilishi, bu yo‘lda sabot bilan mehnat qilishi menga ibrat bo‘ldi. Ayniqsa, uning 40 yoshida ingliz tilini o`rganishga kirishib, Shekspirning deyarli barcha asarlarini originalidan o‘zbek tiliga tarjima qilgani meni qoyil qoldirdi”.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti 1-kurs talabasi Xidirov Behzod:
“Ayrim insonlar boshqalarni o‘ziga ohangrabodek tortadi. Ular shunchalar dilga yaqin va samimiy bo‘ladiki, eshikni taqillatishlari va kirishga ruxsat so‘rashlari ham shart emas, ular oldida barcha eshiklar o‘z-o‘zidan ochiladi. Shunday insonlardan biri o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega ijodkor Jamol Kamol bilan bo‘lgan suhbat hayotimda chuqur va o‘chmas iz qoldirdi. Bu uchrashuvning har bir daqiqasi , har bir soniyasi ko‘ngilga ancha yaqin bo‘lgan tuyg‘ularga boy bo‘ldi. Tasvirlab bo‘lmaydigan harorat har bir so‘zda , har bir aytilgan she’rlarda, har bir aytilgan hayotiy maslahatlarda mujassam edi. Shoirning biz, yoshlarga bergan maslahatlari juda qimmatli. Bunday insonlarni o‘zbek adabiyotidagi mavjudligi juda katta yutuqdir.”
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti 3-kurs talabasi Berdiqulov Didor:
“2018-yilning 16-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga taniqli shoir, mohir tarjimon va nihoyatda samimiy inson Jamol Kamol tashrif buyurdi. Tadbir ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi va barchamiz intiqib kutgan daqiqalarda Jamol Kamolning nutqi qatnashchilarning ruhiga o‘zgacha bir shavq baxsh etdi. U bolalik xotiralari, o‘smirlik qiyinchiliklari haqida gapirar ekan, tinglovchilar uning naqadar matonatli ekanligiga yana bir bor amin bo‘lishdi. Adibning bergan maslahatlari hayot yo‘limizda yo ‘lchi yulduz bo‘ladi deb, o‘ylayman. Shoir Jamol Kamol bilan uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi.”