“Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ijtimoiy sheriklik masalalari” mavzusidagi davra suhbatida JIDU Xalqaro munosabatlar fakulteti talabalarining ishtiroki
15.10.2018 12252
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish, yoshlarning huquqiy ongi va savodxonligini rivojlantirish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni oldini olish, shuningdek yosh avlodning mamlakatni yanada demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlaridagi keng ishtirokini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan joriy yilning 9 oktyabr kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ijtimoiy sheriklik masalalari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va siyosiy sohalarda olib borilayotgan tizimli demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar tarbiyasiga masʼul boʻlgan mutasaddilarning markaziy va joylardagi organlari, davlat boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy hamkorligini mustahkamlash, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda yoshlarning ishtirokini oshirish, ular oʻrtasida huquqiy madaniyat, siyosiy va iqtisodiy faolliklarini oshirish, yoshlarning taklif va tashabbuslari asosida 2019 yilda siyosiy partiyalar bilan, yaʼni OʻzLiDeP bilan tadbirkorlik masalasida, Milliy tiklanish partiyasi bilan innovatsiyalar va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha, XDP bilan yoshlarni ijtimoiy himoya qilish va Adolat SDP bilan huquqiy madaniyatni rivojlantirish masalalari boʻyicha maqsadli hamkorlikdagi rejalarni belgilab olish boʻldi.
Ayniqsa tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari oʻz savol va takliflari bilan faol ishtirok etishdi. Mazkur universitet talabalari Hasanov Jamshid, Ortiqboyev Jasur va Shamsutdinov Javohirlar oʻz takliflarini bildirdilar va bu takliflar yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiraisi Quranboyev tomonidan maʼqullandi va ijrosi yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
Tadbir soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranbayev yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazib, yoshlarning muammolarini bartaraf etish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirdi.
Tadbir jarayonida yoshlar tomonidan bildirilgan takliflar, fikr-mulohazalar asosida siyosiy partiyalar bilan birgalikda yoʻl xaritasi loyihasi ishlab chiqilishi belgilandi.
Tadbir jarayoni ommaviy axborot vositalari, jumladan “Oʻzbekiston 24”, “Yoshlar”, “Oʻzrefort”, “Sevimli” telekanallari, “Oʻzbekiston 24” va “Yoshlar” radiokanallar, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritildi.