Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Yevropa Ittifoqining “Gorizont-2020” dasturi doirasida “YEI-Markaziy Osiyo aloqalarini kuchaytirish va faollashtirish grant loyihasida ishtiroki bo‘yicha qisqacha ma’lumot
30.03.2018 17038
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11.12.2017 sanadagi 129-son Bayonnomasi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita” sini birgalikda amalga oshirish Rejasining №36-bandi (Yevropa Ittifoqining “Gorizont-2020” dasturida faol ishtirok etish), shu asosda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining 06.01.2018 sanadagi 87-03-36-sonli aloqa xatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yo‘lida, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yevropa Ittifoqining “Gorizont – 2020” ta’lim va tadqiqotchilik dasturi doirasida 7 ta Yevropa universitetlari va 4 ta Markaziy Osiyo ta’lim va tadqiqotchilik institutlari bilan birgalikda konsorsium tashkil etgan holda ENG-GLOBALLY-07-2017 - H2020-SC6-ENG-GLOBALLY-2017-The European Union and Central Asia mavzusidagi xalqaro konkursda ishtirok etdi va mazkur konsorsiumning “YEI-Markaziy Osiyo aloqalarini rivojlantirish va kuchaytirish (“Strengthening and Energizing EU-Central Asia Relations (SEnECA))” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirish uchun tanlab olindi.
Grant loyihasi 2018 yil 1-yanvardan 2019 yil 31-dekabrgacha davom etadi. Loyihaning umumiy qiymati – 1 mln. 499 ming 857 yevro, shundan JIDU ulushi – 65.232,50 yevroni tashkil etadi.
Loyihaning asosiy vazifasi quyidagi maqsadlarga qaratilgan SEnECA tadqiqotchilik tarmog‘ini tashkil etish orqali YEI va Markaziy Osiyo aloqalarini kuchaytirish va faollashtirishdir:
- Yevropa va Markaziy Osiyo ilmiy tadqiqot muassasalari o‘rtasida akademik hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
- Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha istiqboldagi siyosati bo‘yicha qo‘shma tadqiqotchilik dasturlarini ishlab chiqish sohasida hamkorlikni rivojlantirish;
- Yevropalik olimlar, tadqiqotchilar, siyosatchilar, ta’lim sohasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikni, xususan, SEnECA ko‘rgazmalarini tashkil etish, Markaziy Osiyo bo‘yicha ma’lumotlar tarqatish orqali Markaziy Osiyo haqida to‘liq xabardor qilish hamda mazkur mintaqaning Yevropa uchun ahamiyatini oshirish.
Loyihada JIDU bilan bir qatorda quyidagi hamkor universitetlar ishtirok etadi:
- Duysburg-Essena universiteti (Duysburg, Germaniya) – koordinator
- Yevropa siyosati instituti (Berlin, Germaniya)
- Strategik tadqiqotlar bo‘yicha Markaziy-Osiyo instituti (Almati, Qozog‘iston)
- “Oyna” (“Zerkalo”) Sotsiologik tadqiqotlar markazi (Dushanbe, Tojikiston)
- Mudofaa tadqiqotlari bo‘yicha Birlashgan Qirollik instituti (Buyuk Britaniya)
- “WiseEuropa” Iqtisodiy va Yevropa tadqiqotlari instituti Varshava fondi (Varshava, Polsha)
- Latviya xalqaro aloqalari instituti (Riga, Latviya)
- Yevropa ta’limi bo‘yicha Xalqaro markaz (Nissa, Fransiya)
- Transevropa siyosiy tadqiqotlari uyushmasi (Bryussel, Belgiya)
- Yusuf Balasog‘un nomidagi Qirg‘iz milliy universiteti (Bishkek, Qirg‘iziston)
- “Yenanch-Vepa” NNT (Ashxobot, Turkmaniston).
Loyiha davomida bir qator xalqaro konferensiyalar, seminarlar va ishchi guruhlar uchrashuvini tashkil etish rejalashtirilgan.
Batafsil ma’lumot uchun:
https://www.cordis.europa.eu/project/rcn/212381_en.html yoki
Ushbu loyiha Yevropa Ittifoqining Gorizont 2020 izlanish va innovatsiya programmasidan №770256 grant shartnomasi asosida moliyalashtiriladi