29.03.2018 15801

2018 yil 28-mart kuni universitetida bahor ayyomiga bag’ishlangan  “Assalom, Navro‘zi olam!” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi. Navro‘z bayramining badiiy qismi universitetimizning markaziy zalida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi orqali namoyish etildi. Bunda Navro‘z sadosini aks etuvchi  she’ru-qo‘shiqlar, hazil-mutoibalar yangradi. Talabalar “Farmonbibining uyida sumalak” deb nomlangan spektaklda ishtirok etdi. Bunda xalqimizga xos bo’lgan milliy an’analar va urf-odatlar kompozitsiyasi namoyish etildi.

So‘ng, bayram tantanasi universitet hududida davom etdi. Bu yerda o‘qituvchi-murabbiylar hamda barcha fakultet talabalari tomonidan tayyorlangan milliy taomlar ko‘rigi o‘tkazildi. Noz-ne’matlarga to‘lib toshgan dasturxonda ko‘k somsa va chuchvara, halim va sumalak, shirmoy non va shirinliklar tortiq etildi. Universitetning sport maydonchasida milliy sport musobaqalari o‘tkazildi. Talabalar osmonga varraklar uchirdi. Bayram yakunida universitetning oshxonasida o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar uchun bayram dasturxoni yozildi.