22.02.2018 18293

2018 yil 20 fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Janubi-Sharqiy Osiyo Assosiatsiyasi (ASEAN) davlatlari bozoriga O‘zbekistonning chiqishi istiqbollari” mavzusidagi “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda JIDU va Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar tarkibi, bitiruvchi kurs talabalari, magistrlari va doktorantlari hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi mutaxassislari, shuningdek, Yosh tahlilchilar klubi a’zolari ishtirok etdilar.

“Davra suhbati” “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, iqtisodiyotning jadal o‘sishini ta’minlash, zamonaviy “aqlli” texnologiyalar joriy etish bo‘yicha yangi g‘oyalar va tashabbuslarni ishlab chiqish, tashqi bozorlarda o‘zbek mahsulotlarining eksport hajmini oshirish, investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, mamlakatning sayyohlik imkoniyatlarini oshirish masalalariga yo‘naltirilgan.

Tadbir davomida ishtirokchilkar tomonidan ASEAN mamlakatlarining milliy iqtisodiyotni rivojlantirish sohasidagi, jumladan, muqobil energiya sektorini rivojlantirish borasidagi tajribalari haqida fikr almashildi. MDH davlatlari bilan savdo, investitsiya, innovatsion texnologiyalar va turizm sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish tendensiyalari tahlil qilindi.

Mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasining ASEAN davlatlari bilan savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsion, turizm va ta’lim sohalarda hamkorlikning foydalanilmagan ulkan salohiyatini qayd etdilar. Davra suhbati natijasida O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun qator amaliy tashabbuslar va takliflar ishlab chiqildi.

“Davra suhbati” ishtirokchilari bu kabi dolzarb ilmiy-amaliy munozaralarni “Harakatlar strategiyasi”ning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam ravishda o‘tkazib turishga kelishib oldilar. Bu kabi O‘zbekiston Respublikasining yetakchi “tadqiqot instituti” va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik amaliyoti ichki va tashqi siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy faoliyati uchun istiqbolli kadrlar tayyorlash tizimining samaradorligini oshirish mexanizmlaridan biri ekanligi ta’kidlab o‘tildi.