Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xitoy haftaligi” tadbiri bo`lib o`tdi.
29.02.2016 38382
Tadbirning birinchi kuni 22-fevralda “XXR va O`zbekiston: strategik hamkorlik taraqqiyoti” mavzusidagi davra suhbati bilan boshlandi. “Xitoy haftaligi” tadbirini JIDU rektori A.Djumanov va Xitoyning O`zbekistondagi elchisi maslahatchisi Zhou Yanhui ochib berdilar.
Davra suhbatida Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani M.Baxadirov, Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti dekani M.Hamdamov XXR va O`zbekiston munosabatlarida siyosiy va iqtisodiy hamkorlik bo`yicha so`zga chiqib, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar. Shuningdek, JIDU talabalari O.Tanbayev, M.Xudayberganova, K.Abdikarimov “Ipak yo`li iqtisodiy belbog`i”, “O`zbekiston va Xitoyning energetika sohasidagi hamkorlik aloqalari”, “Markaziy Osiyo davlatlari va XXRning Shanghai hamkorlik tashkiloti doirasida mintaqaviy havfsizlikni ta`minlash yuzasida o`zaro hamkorligi” mavzularida so`zga chiqdilar. Davra suhbati so`ngida ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollar bo`yicha atroflicha fikr va munozara o`tkazdilar.
“Ierogliflar kuni”, ya`ni “Xitoy haftaligi”ning ikkinchi kuni “Xitoyshunoslik axborot-resurs markazida bo`lib o`tdi. Unda Til ta`limi markazi direktori M.Siddiqova va xitoylik o`qituvchi Vang Djingrong ierogliflar bo`yicha xattotlik taqdimotini o`tkazdilar. Shuningdek, JIDUning uchta fakulteti nomzodlaridan tuzilgan guruhlar ishtirokida ierogliflar bo`yicha “Zakovat” musobaqa oo`yinlari o`tkazildi. Qizg`in va ko`tarinki kayfiyatda davom etgan musobaqada Xalqaro iqtisodiy munosabatlar guruhi talabalari g`oliblikni qo`lga kiritdilar.
“Xitoy jang san`ati” kuni haftalikning eng qizg`in pallasida universitetning tennis kortida bo`lib o`tdi. O`ziga xos xitoy milliy kiyimlaridagi talabalar va Xitoyda “Davlat xazinasi” nomini olgan, xitoyliklar ramzlaridan bo`lmish “Panda” universitetga kirib kelganlarni tadbirga taklif etdi. Tadbirni JIDU prorektori O.Sheraliyev hamda XXR elchixonasi vakili Vang Chenguang ochib berdilar. Talabalar xitoy “ushu” sporti va “taytzi” gimnastikasi bo`yicha o`z bilimlarini namoyish etdilar. Fakutetlar o`rtasida xitoyning qadimiy sport o`yinlari, qiziqarli sport musobaqalari o`tkazildi. Shuningdek, sport ustalari tomonidan qiziqarli chiqishlar talabalar va yig`ilgan mehmonlarning e`tiborini qozondi.
“Xitoy filmlari kuni”da talabalar xitoy milliy madaniyati, milliy kiyimlari, choy marosimlari va qadimiy an`analari haqidagi videofilmlarni tomosha qildilar. Shuningdek, Xitoyning bugungi kundagi zamonaviy qiyofasi, iqtisodiy rivojlangan shaharlari haqida ham to`liq ma`lumotga ega bo`ldilar.
“Xitoy tili va madaniyati kuni” universitetning faollar zalida bo`lib o`tdi. Tadbirni JIDU rektori A.Djumanov va XXR favqulotda va muxtor elchisi Sun Lijie ochib berdilar. Talabalar xitoycha raqs va qo`shiqlar kuylash bilan birga, xitoy milliy ajdarlar raqsi bilan ham o`z mahoratlarini namoyish qildilar. She`riy chiqishlar va xitoy xalq og`zaki ijodidan tez aytishlar barchaning kayfiyatini ko`tardi. Shuningdek, universitetda xitoy tili bo`limi ochilganining o`n yilligiga bag`ishlangan videolavha barchaning e`tiborini tortdi. Unda xitoy tili bo`limining qisqacha tarixi bilan birga, dunyoning turli mamlakatlarida taxsil olayotgan hamda turli tashkilotlarda ishlayotgan JIDU bitiruvchilarining xitoy tilidagi tabrik va tilaklari video to`plami namoyish etildi. Talabalar orasida o`tkazilgan “Kim Xitoyni yaxshi biladi?” viktorina tanlovi ham xitoyshunos talabalarning o`z bilimlarni sinashlari uchun ajoyib imkoniyat bo`ldi.
“Xitoy haftaligi” tadbirining yopilish marosimiga tashrif buyurgan XXR elchisi Sun Lijie va elchixona vakillari JIDU talabalarining xitoy tili va mamlakatshunosligi bo`yicha bilimlarini yuqori baholadilar.