02.12.2017 16455

2017-yil 1–2-dekabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JIDU Muzokaralar Laboratoriyasining "Suv diplomatiyasi va transchegaraviy daryolar bo'yicha muzokaralar" loyihasi ishga tushishi doirasida Markaziy Osiyoda suvdan umumiy foydalanish bo'yicha ilmiy-ma'rifiy seminar bo'lib o'tmoqda. Seminarni O'zbekiston Ekologik harakati vakili, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jakbarov Sodirjon va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) ning O'zbekistondagi vakolatxonasi loyihalar menejeri Yusupbek Kazbekovlar ochib berdilar. Seminarda transchegaraviy suv muammolarining muzokaralarga oid jihatlari bo'yicha JIDU professori Alisher Fayzullayev o'zining ekspertlik ma'ruzasi bilan so'zga chiqdi. Professor o'z chiqishida muzokaraga tayyorgarlik ko'rishda muammoning kelib chiqish tarixi, xalqlarning madaniyati, shuningdek, inson omilini hisobga olish muhim ekanini ta'kidladi. BMTTD (UNDP) vakili Ulug'bek Islomov "Suv sektorida texnik salohiyatni oshirish - suv resurslari barqaror rivojlanishini ta'minlashda muhim omil" mavzusida ma'ruza qildi. Jahon iqtisodiyoti va Xalqaro iqtisodiy munosabatlar kafedrasi dotsenti Suriya To'rayeva suv masalalari hal etilishining ekologik jihatlari haqida so'zlash bilan bir qatorda "ekologik diplomatiya" fanini kiritish muhimligini ham ta'kidlab o'tdi. Xalqaro munosabatlar kafedrasi o'qituvchisi Nozima Davletova suv diplomatiyasini rivojlantirish va suv muammolarini hal etishga yo'nalgan bilimlarni birgalashib ishlab chiqish muhimligini ta'kidladi. Seminar davomida Isroil, Indoneziya, Yaponiya va Buyuk Britaniya misolida suv yetishmasligi va ifloslanishi muammolarining yechimi sohasidagi xalqaro tajriba ko'rib chiqildi. Bo'lib o'tgan muhokama davomida ekspert va talabalar psixologik jihatlarga, jumladan, suv masalalarini hal etishda muhim ahamiyatga ega bo'lgan odamlar ongiga alohida e'tibor qaratdilar.

      Ikkinchi kun JIDU talabalari va magistrlari o'rtasida transchegaraviy daryolardan umumiy foydalanish bo'yicha xalqaro muzokara simulyatsiyasini o'tkazishga bag'ishlangan. Tadbir yakunlari bo'yicha suv va ekologik diplomatiyaga, hamda transchegaraviy daryolar masalalarida muzokara jarayonlariga oid ilmiy maqolalar to'plami nashr etiladi.