JIDUda “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida profilaktik tadbir
28.11.2017 18284
Joriy yilning 27 noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2017 yil yanvar-mart oylari davomida manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida diniy ekstremizm va terorizmga qarshi kurash, uning salbiy oqibatlariga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish maqsadida “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari”ga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan biriktirilgan mas’ul xodimi N.Rahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mita mas’ul xodimi B.Saipov hamda JIDU prorektori V.Xoshimov va Ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi professori R.F.Farmonov ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar o‘z nutqlarida radikalizm, terrorizm va jangari ekstremizm mafkurasi nafaqat bir mamlakat yoki muayyan mintaqa doirasida keng tarqalgani, balki ushbu jarayon milliy chegara bilmasligi haqida gapirishar ekan, aynan shu sababli har qanday ko‘rinish va shakldagi terrorizm, ekstremizmga yo‘l qo‘ymaslik muhitini shakllantirish, ushbu xavfli tahdidlarning paydo bo‘lishi va tarqalishiga ko‘maklashadigan sabab sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish barchamizning insoniylik burchimiz ekanligi alohida ta’kidlandi. Bunga avvalo, hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ko‘plab chora-tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotlar sabab bo‘lmoqda. Ammo biz bular bilan cheklanib qolmay, xavfsizligimiz va barqarorligimizni saqlash uchun hamisha ogoh bo‘lishimiz, yoshlarimizni bu ma’naviy ofatga yaqinlashib qolmasliklari uchun uzluksiz ravishda tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak. Zero, mamlakat tinch bo‘lsa, xalq baxtli bo‘ladi, yurt osoyishta bo‘lsa, yoshlar o‘z ko‘zlagan maqsadlariga erishadilar.
Hozirgi kunda yoshlarga turli ijtimoiy tarmoqlar, mobil dasturlari va turli vositalardan axborot hurujlari orqali ta’sir qilishga urinishlar ko‘p bo‘lmoqda. Bu esa bizni doim ogoh bo‘lishimiz zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Tinchlik har qanday boylikdan ustun ekanligini, uni asrab-avaylash esa har bir insonning burchi ekanligi barchaning diqqat markazida bo‘ldi.
Qachonki inson o‘z qalbiga ma’rifatni, insoniylik va yuksak bilimni jo qilmas ekan, diniy ekstremizm,terrorizm kabi balolarga duchor bo‘laveradi. Shukrki, bizning mamlakatimiz bunday illatlardan xoli, tinch va osoyishtalikda kun kechirmoqda.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga, ma’ruzachilar tomonidan batafsil javoblar olishdi.
Tadbirda “Qiyomatga qolgan qarz” hujjatli film namoyishi bo‘lib o‘tdi.