Yuridik kadrlarni tayyorlash masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv
13.09.2017 18605
2017 yil 9 sentyabr kuni yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum doirasida prokuratura organlari xodimlarining Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining talabalari bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbirda prokuratura organlarining mas’ul xodimlari, universitetlar rahbarlari, o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.
Talabalar Bosh prokuraturaning oliy ta’lim muassasalari bilan yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yaqindan hamkorligi, bo‘lajak prokurorlar klubining tashkil etilishi, uning maqsadlari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, klub a’zoligiga qabul qilish hamda uning ishini tashkil etish tartibi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Klub a’zolariga o‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida prokuratura organlarida ish o‘rganishni o‘tash, nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, mutaxassislikka oid turli xil ko‘rik tanlovlar va sport tadbirlarida qatnashish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari mazkur klubning o‘z vaqtida tashkil etilganligi va muhim ahamiyatga ega ekanligini, yuridik sohadagi talabalarni birlashtirish, nazariyaning amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash va har tomonlama yetuk, yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga xizmat qilishini qayd etib o‘tdilar.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.