23.05.2017 29182

Joriy yilda ishga tushirilgan Yoshlarning startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturining ikkinchi bosqichi O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv yurtlarining talabalari va o‘qituvchilari tarkibini qamrab oldi. Murojaat qilganlar soni avvalgi bosqichga nisbatan 1,4 barobarga o‘sdi, ishtirokchi oliygohlarning soni esa 57 taga yetdi.

Xususan, 6 martdan 16 aprelga qadar joriy yilda Savdo-sanoat palatasi va BMTTD «O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)» qo‘shma loyihasi tomonidan Fan va texnologiyalar agentligi hamkorligida o‘tkazilayotgan «Startap-tashabbuslar» Dasturining ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun arizalar qabuli bo‘lib o‘tdi.

Birinchi bosqichda tanlov saralashida 308 ta jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, bu yili dasturda qatnashish uchun 419 ta loyiha taqdim etildi. Qiziqarlisi, 57 ta loyiha (14%) qizlar tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi poytaxtdagi oliygohlarda tahsil oladi. Jami bo‘lib 1067 kishi, jumladan jamoa a’zolari ariza topshirgan bo‘lib, ulardan 143 nafari (13%) qizlardir.

Aytish kerakki, 21-25 yoshlar orasidagi ishtirokchilar (56% ishtirokchi) shaxsiy startapini yaratishga ko‘proq qiziqish bildirgan, jumladan 19% startap-g‘oyalar 20 yoshgacha bo‘lgan talabalardan olingan.

Eng ko‘p sonli arizalar Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (11%), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti (10,9%), Toshkent agrar universiteti (10%) talabalari va o‘qituvchilari tomonidan taqdim etilgan.

Bundan tashqari, 74% arizalar Toshkent shahridagi oliygohlarning talabalaridan olingan bo‘lib, keyin katta farq bilan Farg‘ona (4%), Samarqand (3,5%) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston (3,3%) oliygohlari o‘rin olgan.

Loyihalarning yo‘nalish qamrovi ancha keng bo‘lib, ularning orasida ko‘proq elektron tijorat, ta’lim, kommunikatsiya va navigatsiya texnologiyalari, transport va yo‘l infratuzilmasi, shuningdek tibbiyot va biotexnologiyalar sohalariga e’tibor qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Startap-tashabbuslar» Dasturi talabalar va yosh olimlarga shaxsiy biznesini tashkil etish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishda ko‘mak berishga qaratilgan. Dastur uch oy davom etib, ishtirokchilarga tajribali murabbiylarning rahbarligi ostida “g‘oya” bosqichidan to startapni yaratishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tish imkonini beradi.

Muvaffaqiyatli ishtirokchilar homiy tashkilotlar tomonidan imtiyozli kreditlar va ko‘mak olish uchun «Demo Day» yakunlovchi tadbirida, shuningdek respublika innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalar yarmarkasida o‘z loyihalarini taqdim etish imkonini qo‘lga kiritadilar.

Dastlabki birinchi bosqich davomida orttirilgan tajribasidan kelib chiqib, ikkinchi bosqichning ta’lim qismi yangi tarkibiy qismlar bilan to‘ldirilib, turli soha ekspertlari ishtirokida o‘tkaziladi. Xususan, mahorat maktablari chog‘ida bozor yetakchilari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar, trekerlar sifatida esa tajribali tadbirkorlarni jalb etish ko‘zda tutilgan. Asosiy e’tibor tanlangan startaplarni amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatishga qaratiladi. Ekspertlar yuridik savollarga javoblar topishda, takliflar qadrini, tahminiy nazariyalarni baholashda, dizaynni, loyiha prototipi uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqishda va savdo kanallarini izlashda yordam ko‘rsatadilar.

2016 yilning avgust oyidan noyabr oyigacha amalga oshirilgan Dasturning birinchi bosqichida 33 jamoadan 13 tasi finalagacha yetib borib, taklif etilgan ekspertlar va investorlar ishtirokidagi «Demo Day» yakunlovchi tadbirida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritgan. Olti nafar finalchi manfaatdor investorlarni topib, hamkorlik haqida muzokaralar olib bormoqda. Final ishtirokchilarining loyihalariga doir batafsil ma’lumot mazkur broshyurada keltirilgan.

Dastur yangiliklaridan xabardor bo‘lish uchun loyihaning Facebook tarmog‘idagi sahifasiga a’zo bo‘ling: https://www.facebook.com/startupuzb.