27.03.2017 30931

2017 yil 25 mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yangilanish va poklanish, bunyodkorlik va birdamlik siymolarini aks etuvchi “Assalom, Navro‘zi olam!” nomli bayram sayli o‘tkazildi.

Navro‘z shukuhi dastavval universitetimizning markaziy zalida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi orqali namoyish etildi. Bunda bayramga bag‘ishlangan she’ru-qo‘shiqlar, hazil-mutoibalar yangradi.

Talabalarning badiiy chiqishlarida O‘zbekistonning barcha viloyatlarini namoyon etuvchi ajdodlarimizning o‘ziga xos milliy an’analar va urf-odatlar namoyish etildi. So‘ng, bayram tantanasi universitet hududida davom etdi. Bu yerda o‘qituvchi-murabbiylar hamda barcha fakultet talabalari tomonidan tayyorlangan milliy taomlar ko‘rigi o‘tkazildi. Noz-ne’matlarga to‘lib toshgan dasturxonda ko‘k somsa va chuchvara, halim va sumalak, shirmoy non va shirinliklar tortiq etildi. Universitetning sport maydonchasida milliy sport musobaqalari o‘tkazildi.

Talabalar osmonga varraklar uchirdi. Bayram yakunida universitetning oshxonasida o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar uchun bayram dasturxoni yozildi.