Amsterdam universiteti va IXTI bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda ijtimoiy fanlar va taraqqiyot: sotsializmdan “o‘tishga”” mavzusida seminar o‘tkazildi
08.06.2023 694
Joriy yilning 2-3-iyun kunlari Amsterdam universiteti va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda ijtimoiy fanlar va taraqqiyot: sotsializmdan “o‘tishga”” mavzusida 2 kunlik seminar tashkil etildi.
Tadbirga Markaziy Osiyo, Yevropa va AQSh davlatlaridan ilmiy jihatdan ham, hayotda ham “o‘tish” davrining guvohi bo‘lgan va boshidan kechirgan olimlar taklif etildi. Seminar asosiy fikrlar taqdimoti, so‘ng keng muhokama shaklida o‘tdi. Tadbirda Akram Umarov, Gulnoza Ismoilova va Artemiy Kalinovskiy kirish so‘zlari bilan chiqishdi.
Seminar 6 tematik bo‘limlarga bo‘lingan holda o‘tkazildi:
1. Tarix
2. Iqtisodiyot
3. Sotsiologiya va taraqqiyot/Sotsiologiyaning rivojlanishi
4. Rivojlanish obyektlari
5. Migratsiya va mobillik
6. Rivojlanish shakllari
Ikki kun davom etgan seminarlarda Oʻzbekistonda SSSR parchalanganidan keyin ijtimoiy-gumanitar fanlarning oʻziga xos xususiyatlari, Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat qurilishi va taraqqiyoti bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar ko‘rib chiqildi. Tadqiqotchilar iqtisodiyotning shakllanishi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdilar: ular postsovet nomenklaturasining iqtisodiy qarashlari, iqtisodiy diplomatiya paradigmalarining o‘zgarishi haqida gapirdilar. Mamlakatda qashshoqlikni kamaytirish va aholi farovonligini oshirishga oid savollar hamda gender tadqiqotlari, migratsiya va mobillik bilan bog‘liq mavzular muhokama qilindi.