JIDUda “Markaziy Osiyoda iqlim migratsiyasi: muammolar va yechimlar” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
08.06.2023 613
Joriy yilning 6-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyoda iqlim migratsiyasi: muammolar va yechimlar” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
To‘plam “Markaziy Osiyoda iqlim migratsiyasi: muammolar va yechimlar” (Toshkent, JIDU, 2022-yil 19-oktabr) xalqaro konferensiyasi ishtirokchilarining ma’ruzalari va yosh tadqiqotchilarning maqolalaridan iborat. Tadbir Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan Germaniyaning Rosa Lyuksemburg Fondining Markaziy Osiyoda vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Buyuk Britaniyadan iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘qituvchilar, olimlar va yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.
Ushbu to‘plamning dolzarbligi Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishi mintaqa davlatlarining uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishi va ijtimoiy barqarorligiga jiddiy muammo ekanligi bilan belgilanadi. Ayrim tabiiy va texnogen omillarning birgalikdagi ta’siri odatdagi havo haroratining oshishi, tuproqlarning sho‘rlanishi va cho‘llanishi, chang bo‘ronlari sonining oshishi, daryolarning sayozlashishi shaklida yanada keskin iqlim o‘zgarishlariga turtki beradi. Bularning barchasi Markaziy Osiyoning iqlim jihatdan zaif hududlarida yashovchi aholining katta qismiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi, mamlakat ichida, Markaziy Osiyo doirasida va undan tashqarida migratsiya jarayonlarini keltirib chiqarishi mumkin.
To‘plamni iqlim migratsiyasi muammolariga kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida, Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqlim migratsiyasi muammosini kengroq akademik va amaliy muhokama qilish uchun birinchi qadam deb hisoblash mumkin.