03.06.2023 652

Joriy yilning 3-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Pak Chin boshchiligidagi delegatsiya Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi.

Tashqi ishlar vaziri Pak Chinni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev kutib oldi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston-Janubiy Koreya ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlash, fan va sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Pak Chinga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvonini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

“Mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashdagi xizmatlaringizni yuksak qadrlaymiz. Bu borada madaniy-gumanitar hamkorlik, oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar sohasida konstruktiv hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilmoqda”, - deya ta’kidladi S.Safoyev.

Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbari Faxriy doktor unvoni bilan taqdirlangani uchun minnatdorlik bildirib, Janubiy Koreya va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish tilaklarini bildirdi.

“Biz Yevroosiyoning turli burchaklarida joylashganmiz, lekin bir xil qadriyatlarga egamiz. Yaxshi dunyo uchun birgalikda harakat qilib, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash uchun bor kuchimni sarflayman”, - dedi vazir.

Oliy martabali mehmonlar ishtirokida JIDU huzuridagi Diplomatik akademiya va Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Koreya Milliy Diplomatik akademiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatni JIDU qoshidagi Diplomatik akademiya direktori A.Haydarov va Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kim Xi Song imzoladi.

Shu kuni JIDUda “Koreya yarim orolidagi vaziyat va O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni ochib berar ekan, “Biz Koreya Respublikasidan mustaqil O‘zbekistonni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi va rahbarligida amalga oshirilayotgan siyosiy va siyosiy hayotni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishdagi samarali yordami uchun minnatdormiz”, - dedi S.Safoyev.

Vazir Pak Chin davra suhbati ishtirokchilarini o‘zbek tilida qutlar ekan, JIDUga tashrif buyurish taklifi hamda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston-Janubiy Koreya do‘stligi va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy sohalarda yo‘lga qo‘yish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

An’anaviy yaqin va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahon savdo tashkiloti doirasida o‘zaro yordam ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

“Ishonchimiz komilki, ikki tomonlama siyosiy muloqot, parlamentlararo hamkorlik, madaniy-gumanitar hamkorlik, “xalq diplomatiyasi” yoʻlidagi aloqalarni chuqurlashtirish nafaqat mamlakatlarimiz uchun manfaatli, balki tinchlik va xavfsizlik, davlatlarning barqaror rivojlanishining qudratli omiliga aylanadi”, - dedi rektor yig‘ilish yakunida.