01.06.2023 586

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya 30-may kuni Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi doirasida ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi shahzoda Saud al-Faysal nomidagi Diplomatik tadqiqotlar institutida uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv avvalida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining muhim bosqichiga qadam qo‘ygani, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida institut rahbariyati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.

Diplomatik tadqiqotlar instituti rahbari, doktor Odil bin Hasan al-Imroniy O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi va uning doirasida erishilgan kelishuvlar ko‘p qirrali O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlarini sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘targanini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan JIDU qoshida tashkil etilgan Diplomatik akademiya bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalaridagi bugungi vaziyat bo‘yicha almashuv ma’ruzalari o‘tkazish, diplomatik akademiya talabalari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tomonlar JIDU qoshida islom olami siyosati, iqtisodiyoti, madaniyati va xavfsizligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi tadqiqot markazini birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va shahzoda Saud al-Faysal nomidagi Diplomatik tadqiqotlar instituti o‘rtasidagi muzokaralar natijasida “Hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi” imzolandi.